Rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniy shtablari rahbari Leonid Volkov siyosatchining safdoshlari 14-fevral kuni norozilik aksiyasini o‘tkazishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi, deb yozadi Meduza.

Foto: Esquire

“Biz bugun-erta uning formati haqida gapirib beramiz. Chunki bu umuman boshqacha format bo‘ladi. Biz endi yanada ayyorroq bo‘lamiz va bevosita politsiya bilan hamkorlik qilishga urinmaymiz”, — dedi Volkov.

Keyinroq Volkov aksiyaning yangi formati qanday ko‘rinishda bo‘lishiga aniqlik kiritdi. “Rossiyaning katta shaharlari”da yashovchilarga kechqurun hovliga chiqib, telefonlaridagi chiroqlarni yoqish va shu holatda bir necha daqiqa turish taklif etilmoqda. So‘ng aksiyada suratga tushib, uni ijtimoiy tarmoqqa joylash lozim. “Hech qanaqa OMON, hech qanaqa qo‘rquv bo‘lmaydi. Balki, sizga bu 15 daqiqa hech narsani o‘zgartirmaydigandek ko‘rinishi mumkin. Aslida esa u hamma narsani o‘zgartiradi”, — deb yozdi Volkov.

Berlindan Moskvaga qaytganidan so‘ng darhol hibsga olingan Aleksey Navalniyni qo‘llab-quvvatlovchi aksiyalar 23- va 31-yanvar kunlari Rossiyaning ko‘plab shaharlarida bo‘lib o‘tdi. Norozilik aksiyalarida rekord darajada ko‘p odam qo‘lga olindi, o‘nlab jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.

2-fevral kuni sud “Iv Roshe” ishi bo‘yicha Navalniyga chiqarilgan shartli muddatni haqiqiysiga o‘zgartirish haqida qaror qabul qilganidan keyin siyosatchining tarafdorlari Moskva markazida aksiya uyushtirdi, uning ishtirokchilari ham politsiya tomonidan qo‘lga olindi. 5-fevral kuni Leonid Volkov yaqin vaqtlar ichida Navalniyni qo‘llab-quvvatlab namoyishlar o‘tkazilmasligini e’lon qildi. 8-fevral kuni e’lon qilingan murojaatda ham Volkov yaqin orada norozilik aksiyalari rejalashtirilmayotganini aytgan edi.