Ijtimoiy tarmoqlarda Navoiy viloyatining To‘dako‘l sohilidan yirik mavjudot topilgani aytilib, ushbu mavjudot aks etgan surat tarqalgandi. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bu xabarning haqiqatga zid ekanligini ma’lum qildi.
Qo‘mita matbuot xizmatining xabar berishicha, ushbu ma’lumot Navoiy viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan o‘rganilgan. Xabar ostida qo‘yilgan fotosurat aslida kamarbaliq yoki seldlar qiroli deb nomlanadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur baliq Tinch, Atlantika va Hind okeanlarining issiq, o‘rtacha issiq va mo‘tadil suvlarida, asosan, tropik mintaqada va O‘rta Yer dengizi havzasida, shuningdek, Shimoli-sharqiy Atlantikada — Islandiya suv havzalarida va Shimoliy dengizda 500—700 metr, ba’zan 1000 metr chuqurliklarda uchraydi. Uning uzunligi 3 metrgacha boradi.
Fotosurat esa 2019-yil 9-avgust kuni “Primores rasskazal, kak yemu udalos poymat seldyanogo korolya” sarlavhasi ostida qo‘yilgan maqoladan olingan.
Ma’lumot uchun, seld qirolini ovlash iqtisodiy ahamiyatga ega emas. Uning go‘shti iste’molga yaramaydi, hatto hayvonlar ham uni iste’mol qilmasligi mumkin. U faqat baliqchilik sporti obyekti sifatida alohida qiziqish uyg‘otadi.
Avvalroq Namangan viloyatining Kosonsoy tumanidagi “Hurriyat” mahallasida qandaydir noma’lum shaxs kechalari fuqarolar tinchini buzib, ularni qo‘rqitib yurgani, u juda ham kuchli va chaqqon, hattoki to‘rt oyoqda yurishi haqida mish-mishlar tarqalgandi. Keyinchalik ushbu “maxluq” g‘ayritabiiy mavjudot emas, odam ekanligi ma’lum bo‘lgandi.
Izoh (0)