Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 14-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan majlisida deputatlar tomonidan ikki vazirlik rahbarligiga nomzod ko‘rib chiqildi va ma’qullandi, deya xabar bermoqda palata matbuot xizmati.

Abduqodir Toshqulov va Sherzod Hidoyatov.

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Xabar berishlaricha, oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri lavozimiga shu vaqtgacha Termiz davlat universitetiga rektorlik qilib kelgan senator Abduqodir Toshqulov nomzodi ma’qullangan. Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri lavozimiga esa shu vaqtgacha qurilish vaziri birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Sherzod Hidoyatov ma’qullangan.

Amaldagi qonunchilikka muvofiq, Vazirlar Mahkamasi a’zolari, vazirlar lavozimga tayinlanishidan avval ularning nomzodi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida deputatlar tomonidan ko‘rib chiqiladi. Ularning lavozimga tayinlovi Prezident farmoni e’lon qilinganidan so‘ng to‘la tasdiqlanadi.

Kuni kecha oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inomjon Majidov iste’foga chiqarilgani, u O‘zbekiston Milliy universitetiga rektor etib tayinlanishi kutilayotgani haqida xabarlar tarqalgan, biroq keyinroq vazirlik matbuot xizmati bu xabarlarni rad etgan edi.

Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining avvalgi rahbari Muzaffar Soliyev “ishda yo‘l qo‘ygan kamchiliklari, qayta-qayta ogohlantirishlarga qaramay tegishli xulosa chiqarmagani uchun” 5-yanvar kuni lavozimidan ozod etilgan edi.