Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining yangi rahbari Abduqodir Toshqulov 19-yanvar kuni vazirlik markaziy apparati barcha xodimlarining to‘liq tarkibdagi ishtirokida kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazdi. Vazirlik matbuot xizmatining xabar berishicha, unda vazirlik faoliyatini samarali tashkil qilish bo‘yicha muhim vazifalar jamoa ishtirokida batafsil muhokama qilindi.

Foto: Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmati

Yig‘ilishda Abduqodir Toshqulov vazirlikdagi dastlabki uch kunlik faoliyatidan taassurotlar kishini xursand qilmasligini ta’kidlagan.

“Jamoada erkin va ijodiy muhit yo‘qday, xodimlar horg‘in va tashabbus ko‘rsatmaydi. Sababi ish tartibi to‘g‘ri tashkil etilmagan. Nazarimda, inson resurslari noto‘g‘ri tasarruf qilinmoqda. Xodimlar ishda ko‘p vaqt qolib ketishi natijasida jismonan va ruhan charchagan ko‘rinadi. Oilasiga, farzandlar tarbiyasiga e’tibor qaratishga ulgurmasa kerak”, — degan u va xodimlarga, avvalo, ish joyida erkin ishlash, ijodiy fikrlash, qolaversa, dam olish uchun qulay sharoit yaratib berish va undan keyin ish unumdorligini talab qilish mumkinligini qo‘shimcha qilgan.

Vazir, shuningdek, ayrim strukturalar qoniqarsiz faoliyat yuritayotgani, bugungi kun talablariga javob bermasligini qayd etgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bundan buyon har bir boshqarma va bo‘lim faoliyati natijadorligi monitoring qilinadi, samarali faoliyat yuritgan mutaxassislar munosib taqdirlanadi, aksincha o‘z funksional vazifalarini bajarmaydigan xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinadi.

Abduqodir Toshqulov vazirlik axborot xizmati faoliyatini ham tanqid qilgan.

“Axborot xizmati vazirlikning yuzi bo‘lishi kerak. Bugungi axborot asrida tezkor va professional yondashuv talab etiladi. Ijtimoiy tarmoqlarda sohaga oid tanqidiy materiallar e’lon qilinib, jamoatchilik tomonidan keng muhokama qilinayotgan bir vaqtda, axborot xizmati tomoshabin bo‘lib turishini qanday izohlash mumkin?” — degan u.

Vazir, shuningdek, boshqaruvda va axborot almashishda zamonaviy AKT imkoniyatlaridan unumli foydalanish zarurligi, OTMlarga yuborilayotgan topshiriqlarni muvofiqlashtirish, bir-birini takrorlaydigan vazifalarni qisqartirish, ijro intizomiga qat’iy rioya qilish lozimligini aytib o‘tgan.

“Bugundan boshlab jamoa bilan yangicha ish tartibiga o‘tsak: qog‘ozbozlikni imkon qadar kamaytirish, ortiqcha majlisbozlikka chek qo‘yish va o‘z ishimizga mehr bilan munosabatda bo‘lib, undan zavqlanib ishlaylik”, — deya xodimlarni vazifalarga mas’uliyat bilan yondashib ishlashga chaqirgan.

Vazir ta’lim muassasalari bilan ishlash prinsiplarida ham qayta ko‘rib chiqiladigan jihatlar mavjudligiga e’tibor qaratgan. U vazirlik oldida ta’lim sifatini ta’minlashdek o‘ta mas’uliyatli vazifa turganini qayd etgan.

“Oliy ta’lim muassasasida mavjud bo‘lgan muammoni kimga aytishini bilmay yurgan rahbarlarning dardini birinchi navbatda vazirlik, biz, tinglashimiz va uni hal qilib berish choralarini ko‘rishimiz kerak. Oldin tizimdagi rahbarlar, professor-o‘qituvchilar va xodimlar uchun yetarli shart-sharoit yaratishimiz lozim, undan keyingina ular oldiga vazifalarni qo‘ysak, to‘g‘ri bo‘ladi”, — degan oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri.

Eslatib o‘tamiz, Termiz davlat universiteti rektori lavozimida ishlab kelgan Abduqodir Toshqulov 14-yanvar kuni oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri etib tayinlangandi. Shavkat Mirziyoyev sobiq oliy ta’lim vaziri Inomjon Majidov (O‘zbekiston Milliy universitetiga rektor bo‘ldi) tizimda o‘zgarishlar qilolmagani uchun lavozimidan ozod etilganini aytgandi.