Buyuk Britaniya Reklama standartlari boshqarmasi (ASA) kosmetika va terini parvarish qilish bo‘yicha mahsulotlarni reklama qiluvchi blogerlarga filtrlardan foydalanish va reklama suratlarini bo‘yashni taqiqlovchi tartibni joriy etdi, deb xabar beradi Esquire.
ASA shu orqali #filterdrop — bloger va inflyuenserlarning bo‘yalgan suratlarini tegishli xeshteg bilan belgilashga oid kampaniyaga munosabat bildirgan. Idoraning hisoblashicha, byuti-mahsulotlar effektini oshirib ko‘rsatuvchi retushlash auditoriyani chalg‘itadi va vijdonsiz reklamaga taqqoslanadi.
ASA avtotoblanish mahsulotlarini reklama qiluvchi Skinny Tan Ltd va Tanologist Tan brendlarining reklama videolarini o‘rganib chiqib, roliklarni yaratishda “mahsulot taqdim etadigan natijani noto‘g‘ri qabul qilish va effektning bo‘rttirilishiga olib kelgan” filtrdan foydalanilganini aniqlagan.
Yangi qaror nafaqat kosmetikani reklama qiluvchi inflyuenserlar va mashhurlarga, balki byuti-brendlar hamda butun ijtimoiy tarmoqlarga taalluqli. Idoradagilarning hisoblashicha, reklama postini yaratishda filtrdan foydalanilganini ko‘rsatish yetarli emas, shu sababli ulardan foydalanish butunlay taqiqlanadi.
Izoh (0)