Farg‘ona viloyatidagi Oltiariq yoqilg‘i ishlab chiqarish korxonasi xodimlari “Daryo”ga murojaat qilib, zavodga xomashyo yetkazib berilmayotgani va natijada ish to‘xtab qolib, ishchilar oyligi kamayib ketganidan shikoyat qildi.

Foto: “Daryo”

Ma’lum bo‘lishicha, ish haqi va ish o‘rinlari qisqartirilishidan norozi bo‘lgan o‘nlab ishchilar korxona oldida to‘planib, mas’ullarga videomurojaat yo‘llagan. Videotasvirlarda korxona ishchilari “Bizga yordam bering!”, “Bizga neft bering!”, “Biz ishlashni xohlaymiz!”, “89-moddaga qarshimiz” kabi yozuvlarni ko‘tarib olganini ko‘rish mumkin.

Vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida “Daryo” muxbiri Oltiariq tumanining Tinchlik shaharchasida bo‘ldi.

Foto: “Daryo”

“Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan xodimlarning aytishicha, ularga Mehnat kodeksining 89-moddasiga asosan ogohlantirish xatlari berilmoqda. Bir necha marta yig‘ilish o‘tkazilib, 2021-yilning mart oyidan boshlab korxona yangi ish tartibiga o‘tishi, ish vaqti qisqartirilishi va shunga mos tarzda ish haqlari kamaytirilishi aytilgan.

Korxona ishchilarining ta’kidlashicha, zavodga qariyb 10 oydan beri xomashyo — gaz kondensati yetkazib berilmayapti. Korxonaning ishlab chiqarish faoliyati to‘xtab qolgan. Ishchilarning ko‘pchiligi obodonlashtirish va qurilish ishlariga jalb etilgan. Ular zavod butunlay yopilishidan va 800 nafardan ortiq xodim ishsiz qolib ketishidan xavotirda.

“Shu korxonada birinchi toifali gazdan qutqarish jangchisi bo‘lib ishlayman. Biz to‘planib, korxonaga xomashyo so‘rayapmiz. Bizga gaz kondensati berishsa, korxonamiz yana ish boshlaydi. Hozir shuncha odam ishsiz qolishi mumkin. Korxona rahbarlarining aytishicha, mart oyidan har bir ishchiga bir million so‘mdan oylik to‘lanarkan. Lekin bu gaplar hech qanday buyruqsiz, hujjatsiz aytilyapti. Og‘zaki tarzda shuncha pul beramiz, deb va’da qilishyapti. Xullas bozor bo‘lib ketdi. Bir millionga rozimisan, degandek. Bu korxonada ishlaydigan ishchilarning asosiy qismi ko‘p qavatli uylarda yashaydi. O‘zim ham ‘dom’da turaman. Bizning sharoitimiz bilan hech kim qiziqmayapti. Korxonada ishlayotganimga 12 yil bo‘ldi. Bunday muammoga endi duch keldim. Ertaga nima qilamiz, bilmayman. Qachon xomashyo kelishini rahbarlarning o‘zlari ham bilmaydi. 11 oydan beri kelmagan gaz kondensati endi kelarmidi?” — deydi Shokir Mugalimov.

Foto: “Daryo”

“Shu korxonaga ishga kirganimga 28 yil bo‘ldi. Markaziy tahlilxonada ishlayman. Bu zavodga kelganimdan beri xomashyo ta’minotida uzilish bo‘lmagan. 28 yil davomida ishlab chiqargan hamma mahsulotlarimiz o‘z vaqtida sotilgan. Omborlarda saqlanib qolmagan. Mana 9 oydan beri korxonamizga xomashyo berilmayapti. Har doim keyingi oyga xomashyo olib kelamiz, ishlaysizlar, deyishadi. Biz keyingi oyni umid bilan kutamiz. Xomashyo kelmaydi. Yana keyingi oyga va’da berishadi. Yana xomashyo kelmaydi. Amalga oshmaydigan va’dalardan charchadik. Qo‘ynimizni puch yong‘oqqa to‘ldirishyapti. Hozir bizga Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi tomonidan Mehnat kodeksining 89-moddasi bilan ogohlantirish berilyapti. Ogohlantirish xatini oldim, lekin unga imzo qo‘yganim yo‘q. Agar biz bu xatga qo‘l qo‘ymasak, o‘z-o‘zidan mehnat shartnomamiz bekor qilinib, ishdan bo‘shatilar ekanmiz.

Yig‘ilish qilib, bizni bayonnoma bilan tanishtirishdi. Bayonnomada ish sharoitimiz va ish haqimiz o‘zgarishi, ishchi-xodimlar tanlab olinishi haqida yozilgan. Mart oyidan bizga o‘rtacha ish haqi saqlangan holda bir oyda besh kun ishga kelishimizni, shunga yarasha oylik to‘lanishini aytishyapti. Lekin taklif qilinayotgan ish haqi oilaviy sharoitimizga to‘g‘ri kelmaydi, bizni qoniqtirmaydi. Kreditlarimiz, kontrakt to‘lovlarimiz bor. O‘zim ‘dom’da o‘tiraman. Uch nafar farzandim bor. Turmush o‘rtog‘im ham shu zavodda 22 yil ishlab, 103-modda bilan qisqartirishga tushib, ishdan bo‘shatilgan. Hozir uyda o‘tiribdi. 4 yil ish ‘staji’ yetmagani uchun nafaqaga chiqolgani yo‘q. Uyda bitta o‘zim ishlayman. Mart oyidan meni ishdan bo‘shatib yuborishsa yoki oyligimni kamaytirishsa, qanday tirikchilik o‘tkazamiz? Qarang, shu korxona 114 yillik zavodga o‘xshaydimi? Hamma jihozlari, texnologiyalari saqlanib qolgan. Talabga javob bermagan joylarini modernizatsiya qilsa, yangi mahsulotlar ishlab chiqarsa bo‘ladi-ku. Rahbariyatdan talabim, xomashyo berishsin, biz ishlaylik”, — deydi Shohsanam Abduvaliyeva.

Foto: “Daryo”

“30 yildan beri laborant bo‘lib ishlayman. Bizga hali ogohlantirish xati berilgani yo‘q. Lekin o‘sha xatga qo‘l qo‘yinglar deyishyapti. Hozir hech qanday ish bo‘lgani yo‘q, zavod to‘xtagan. Lekin ishga kelyapmiz, oylik olyapmiz. Endi olayotgan pulimiz ro‘zg‘orga yetmayapti-da. Ish berishsin, ko‘proq ishlaylik, ko‘proq oylik olaylik. Ishchilarning ko‘pchiligi tushkun kayfiyatda. O‘tgan yili mart oyidan beri xomashyo kelgani yo‘q. Bu holatning oxiri yo‘qqa o‘xshayapti. Ishlarni qisqartirib, keyinchalik zavodni to‘xtatib qo‘yishadi, deb qo‘rqyapmiz. Oxirida hammamiz ishsiz qolib ketishdan qo‘rqyapmiz. Tumanimizda bitta mana shu zavod bor, xolos. Boshqa bunday katta korxona yo‘q. Biz o‘zimiz ishsiz qolish arafasida turibmiz. Bolalarimizga esa umuman ish yo‘q hozir. Tirikchiligimiz nima bo‘ladi?”, — deydi Dilorom Orziqulova.

“Men ham besh yildan beri shu korxonada ishlayman. ‘Slesar’lik qilaman. Davlat tomonidan imtiyozli kredit asosida berilgan namunali uy olganman. Har oyda 900 ming so‘m kredit to‘layman. 100 ming so‘m elektr va boshqa kommunal to‘lovlarga ketadi. Shu bilan korxona taklif qilayotgan 1 million so‘m pul tugaydi. Keyin nima qilaman? Bola-chaqam nima yeydi? Ularni qanday boqaman? Oilada bitta o‘zim ishlayman. Ikkita farzandim bor. Ularning oziq-ovqati, kiyim-kechagi, o‘qishi va boshqa xarajatlarini qanday qoplayman? Bundan tashqari, hali yana 18 yil kredit to‘lashim kerak. Noyabr oyidan imtiyozli davri tugab, 1 million 400 ming so‘mga chiqadi bir oylik kredit to‘lovim. Buni qanday uzaman? Korxona rahbarlaridan bitta talabim bor — mahsulot olib kelishsin. Biz ham ishlaylik. Ishdan qochmaymiz, qanday ish bo‘lsa ham qilamiz. Halol ishlab, bola-chaqamizni boqaylik. Bizning maqsadimiz shu xolos. Bizga boshqa hech narsa kerak emas. Tumanimizda shu zavod borligi uchun hammamiz neft-gaz sohasida o‘qiganmiz. Zavod yopilsa, yuzlab oilalar boquvchisiz qoladi”, — deydi Iqboljon Olimjonov.

Foto: “Daryo”

“Korxona yopilmaydi, xodimlar ishdan bo‘shatilmaydi”

“Daryo” muxbiri holat yuzasidan mutasaddilardan izoh olish maqsadida Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida bo‘lib, korxona rahbarlari bilan suhbatlashdi.

Zavod direktori Habib Latipovning ta’kidlashicha, Oltiariq yoqilg‘i ishlab chiqarish korxonasi yopilmaydi. Ish o‘rinlari qisqartirilib, xodimlar ishdan bo‘shatilmaydi. Xomashyo tanqisligi sababli ayni paytda korxonada ishlab chiqarish quvvatlari pasayib, ish hajmi kamaygan. Shuning uchun 2021-yilning mart oyidan yangi ish tartibiga o‘tish, ish vaqtini qisqartirish va ish haqini kamaytirish rejalashtirilgan.

Zavod rahbarining kadrlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Jahongir Asomov vaziyat bo‘yicha batafsil ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, Oltiariq yoqilg‘i ishlab chiqarish korxonasi 1905-yilda faoliyat boshlagan. Korxonaning oltita asosiy texnologik qurilmalari hamda yordamchi sexlari 1940—1950-yillarda ishga tushirilgan va o‘sha davrda mavjud bo‘lgan texnologiyalarga muvofiq 80-yillarda rekonstruksiya qilingan. Hozirgi kunda beshta texnologik qurilmalar yaroqsiz holga kelgan. Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq, 2020-yil 7-martda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Jizzakh Petroleum mas’uliyati cheklangan jamiyati va Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi o‘rtasida ishonchli boshqaruv shartnomasi tuzilgan. Mazkur shartnomada “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan zavodning barqaror ishlashini ta’minlash maqsadida ishonchli boshqaruv davrida yiliga 250 ming tonnadan kam bo‘lmagan miqdorda va tarmoq ichki narxlarida gaz kondensati yetkazib berilishi belgilangan.

Biroq Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2020-yil 4-iyulda tasdiqlangan Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini rivojlantirishning 2020—2030-yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturida gaz kondensatini jahon bozorlaridagi narxdan kelib chiqqan holda olish kerakligi qayd etildi. Shuning uchun 2020-yilning mart oyidan buyon gaz kondensatini tarmoq ichki narxlarida olish imkoni bo‘lmadi. Bu esa ishonchli boshqaruv shartnomasida oldindan ko‘zda tutilgan talablarning bajarilmay qolishiga sabab bo‘ldi.

2020-yilning 22-yanvar kuni Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi va “O‘zbekneftgaz” AJ o‘rtasida zavod faoliyati uchun 2020-yilda 255 ming tonna gaz kondensati yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzilgan. Lekin 2020-yilning yanvar—may oylarida 67,6 ming tonna xomashyo qayta ishlash uchun yetkazib berildi, xolos. Xomashyo yetkazib berishga doir tuzilgan shartnoma shartlarining bajarilmay qolishi hamda karantin cheklovlarining joriy etilishi zavod qayta ishlash quvvatlarining pasayishiga, ish hajmining kamayishiga olib keldi.

Foto: “Daryo”

Oltiariq yoqilg‘i korxonasining ishlab chiqarish faoliyati to‘xtatilganiga qaramay, o‘tgan davr mobaynida korxonadagi mavjud shtat birliklari saqlab qolingan. Ish hajmi yo‘qligiga qaramay, ishchilarga ish haqlari to‘liq to‘lab berilgan, shuningdek, jamoa shartnomasida ko‘rsatilgan barcha imtiyoz va kafolatlar ta’minlangan. Xususan, 2020-yil davomida ishchi-xodimlarga 39 milliard 428 million so‘m ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar amalga oshirilgan. Ishchilarning o‘rtacha ish haqi 2019-yilda 3,16 million so‘mni, 2020-yilda esa 3,96 million so‘mni tashkil etgan.

Korxonadagi mavjud ish o‘rinlarini saqlab qolish maqsadida 2021-yilning mart oyidan ayrim xodimlar guruhi uchun Mehnat kodeksining 89-moddasiga muvofiq mehnat shartlarini o‘zgartirish, ish vaqtini va unga mutanosib ravishda ish haqini qisqartirish rejalashtirilgan. Mazkur chora vaqtinchalik bo‘lib, ishlab chiqarish quvvatlari va ish hajmi oshishi bilan avvalgi mehnat shartlari qaytarilishi ko‘zda tutilgan. Bu choralar ish o‘rinlarining qisqarishiga yoki korxonaning yopilishiga olib kelmaydi.

Ushbu masala 2020-yilning 18 va 21-dekabr, 2021-yilning 6 va 15-yanvar kunlari Oltiariq yoqilg‘i ishlab chiqarish jamoasi bilan, shuningdek, FNQIZ hududida korxona ishchi guruhi bilan muhokama qilinib, mehnat shartlarini o‘zgartirish bilan bog‘liq choralar ishchi-xodimlar tomonidan ma’qullangan.

Hozirgi kunda ishlab chiqarish faoliyati uchun zarur xomashyoni yetkazib kelish va korxonaning barqaror ishlashini ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.