Shavkat Mirziyoyev Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurgani haqida xabar berilgandi. Davlat rahbari tashrif davomida markazning qurilish jarayonini ko‘zdan kechirdi, deya xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati.

Foto: “Daryo”/ Madina Nurman

Ta’kidlanishicha, bugungi kunda bino to‘liq qad ko‘targan. Uning markazida ulkan sharqona gumbaz, to‘rt tomonida 34 metrlik peshtoqlar qurilgan.

Foto: “Daryo”/ Madina Nurman

Davlat rahbari har bir yo‘lak va xonaga kirib, ularni pardozlash va jihozlashga oid loyihalarni ko‘rdi.

Markazning ichki va tashqi ko‘rinishi, naqshlari yuzasidan tavsiyalar berildi. Xonalarni ko‘plab sayyohlar, delegatsiyalar kelishi, xalqaro konferensiyalar o‘tkazilishini inobatga olib zamonaviy jihozlash, ekspozitsiyani turli yoshdagi insonlarga mos holda tayyorlash zarurligi ta’kidlandi.

Foto: “Daryo”/ Madina Nurman

Prezident avvalgi tashrifi chog‘ida Islom sivilizatsiyasi markazi shu yo‘nalishdagi ilmiy muassasalar uchun negiz bo‘lishi, bu yerda olimlar tadqiqot olib borib, talabalar bilimini mustahkamlashi kerakligini aytgan edi. Shunga ko‘ra, loyiha takomillashtirilib, markazda Xalqaro islom akademiyasining magistrant va doktorantlari o‘qishi uchun sharoit yaratish nazarda tutilgan.

Foto: “Daryo”/ Madina Nurman

Markazning interyer va eksteryer bezagi, jihozlanishi, kommunikatsiya, xavfsizlik tizimlari eng ilg‘or talablarga javob beradi. Davlat rahbari shu yerda olimlar, ziyolilar, nuroniylar va mahalla raislari bilan suhbatlashdi.

Foto: “Daryo”/ Madina Nurman

“Milliy o‘zlikni anglash deb ko‘p gapiramiz. Lekin shunga munosib bo‘lyapmizmi, degan tuyg‘u meni qiynaydi. Ota-bobolarimiz qiyin sharoitlarda, mehnat-mashaqqat bilan qanday buyuk ishlarni amalga oshirgan. Jadid bobolarimizni ham bekorga qatag‘on qilishmagan. Chunki bilishardiki, ilm, g‘urur, davlatchilik bizning qonimizda bor. Bu yerda hamma buyuk allomalarimizning ovozi eshitilib turadi”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Foto: “Daryo”/ Madina Nurman

Markaz joylashgan Olmazor tumanidagi har bir mahalla ushbu ma’rifat maskaniga munosib bo‘lishi, bilim, tarbiya jihatidan takliflarini berishi zarurligi ta’kidlandi.

Foto: “Daryo”/ Madina Nurman

“Shuni amalga oshirsak, har bir mahallaga Islom sivilizatsiyasi markazining nuri kiradi, yuzimiz yorug‘ bo‘ladi”, – dedi Prezident.

Foto: “Daryo”/ Madina Nurman

Markaz qurilishi davom etmoqda.