Qirg‘iziston prezidentligiga sobiq nomzod, Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasining sobiq rahbari Abdil Segizbayev hibsga olindi. Bu haqda “Tengrinews.kz” xabar bergan.

Abdil Segizbayev

Foto: “Tengrinews.kz”

Sobiq amaldor Yuqori Kengash deputatlariga bosim o‘tkazish va ularni obro‘sizlantirishda ayblanmoqda.

Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 2021-yil 14-yanvarda Yuqori Kengash sobiq deputati Almambet Shimamatov idoraga shunday mazmundagi ariza bilan murojaat qilgan.

“Kelib tushgan murojaat asosida Qirg‘iz Respublikasining Jinoyat kodeksi 230-moddasiga asosan (lavozim holatini suiiste’mol qilish) sudga qadar surishtiruv ishi ro‘yxatga olingan. Noqonuniy xatti-harakatlar va Yuqori Kengashning deputatlarini, xususan, Almambet Shikmamatov, Aida Salyanova va Omurbek Tekebayevni xalq oldida diskreditatsiya qilish (obro‘sizlantirish), ularni jinoyat qilganlikda ayblash holati bo‘yicha ish ochilgan”, – deyiladi Bosh prokuratura bayonotida.

Xabarlarga ko‘ra Segizbayev Bishkek Ichki ishlar bosh boshqarmasining izolyatoriga joylashtirilgan.

“Qirg‘iziston harbiy prokuraturasi va davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasining sudga qadar tergov-surishtiruvi davomida Abdil Segizbayevning ushbu harakatlarni sodir etgani aniqlangan hamda u Qirg‘iziston Jinoyat-protsessual kodeksining 98-moddasi tartibida hibsga olingan”, – deyiladi mamlakat Bosh prokuraturasining xabarida.

Ayni vaqtda mazkur jinoiy xatti-harakatlarga aloqador yoki unda ishtirok etgani gumonlanayotgan boshqa shaxslarni aniqlash bo‘yicha tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Avval Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi Segizboyevga jinoyat ishi ochgan va uni yerlarni noqonuniy o‘zlashtirish hamda ularda binolar qurish, shuningdek keyinchalik ularni qarindoshlari nomiga o‘tkazish bilan shug‘ullanganini fosh etgandi.