Isroil koronavirusning yangi shtammlari tarqalishining oldini olish maqsadida 26-yanvardan 31-yanvarga qadar barcha xalqaro aviaqatnovlarni to‘xtatadi. Mazkur qaror mamlakat Vazirlar Mahkamasi tomonidan ma’qullangan, deb yozadi “RBK”.
“Biz butun dunyodan oldindamiz. Biror millat qilmoqchi bo‘lgan ishimizni amalga oshirgani yo‘q — biz mamlakatni germetik yopib qo‘yamiz”, — deydi Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu hukumat yig‘ilishida.
Taqiq xorijdan amalga oshiriladigan yuk reyslari va tibbiy yordam xizmatlarining parvozlariga taalluqli emas. Isroilning o‘zidan esa qator sababga ko‘ra uchib ketish mumkin: xorijda davolanish, masofadan turib bajarib bo‘lmaydigan ish bo‘yicha, sud mojarolarida ishtirok etish uchun, oila a’zolarining dafn marosimida qatnashish yoki ko‘chib ketish maqsadida.
Vazirlar Mahkamasining qarorini Knesset (parlament) iqtisodiy komissiyasi va Konstitutsiya, qonunchilik va adolat masalalari bo‘yicha komissiya ham ma’qullashi kerak.
Jons Hopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, Isroilda pandemiya boshlanganidan buyon koronavirusga chalinganlar soni 595 ming kishidan oshgan, 4,3 ming odam COVID-19 qurboniga aylangan.
Ma’lumot uchun, Isroilda Pfizer vaksinasi bilan ommaviy emlash jarayonlari 20-dekabrda, vaksinatsiyaning ikkinchi dozasini qilish esa 10-yanvardan boshlangan edi. Avvalroq Isroil hukumati koronavirusning yangi shtammi tufayli xorijliklarning mamlakatga kirishini taqiqlagani, mamlakatda 27-dekabr soat 17:00 dan yangi — pandemiya boshidan buyon uchinchi karantin boshlangani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)