Ijtimoiy tarmoqlarda Mirzo Ulug‘bek tumanida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi haqida video tarqaldi. YHXBB ushbu xabarlar bo‘yicha ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, 2021-yil 19-yanvar kuni taxminan soat 21:30 da Yuzrabod va Kozeva ko‘chalari kesishmasida ikkita transport vositasi – 23 yoshli Islombek D. boshqaruvidagi Damas (davlat raqami 10 Y 702 CA) hamda ishonchnoma asosida 29 yoshli Buxoro viloyatida yashovchi Bekzod R. boshqaruvida bo‘lgan “VAZ-2115” (davlat raqami 10 E 017 NA) rusumli avtomobillar to‘qnashuvi ro‘y bergan.

YTH sababli “VAZ-2115” rusumli avtomobil yo‘lovchilari – 18 yoshli buxorlik D.B. va 19 yoshli M.J. olgan jarohatlari tufayli voqea joyida hayotdan ko‘z yumgan.

Bundan tashqari, “VAZ-2115” haydovchisi va yo‘lovchi 27 yoshli Buxoro viloyatida yashovchi Shahrizod Sh. badan shikastlari bilan shifoxonaga yetkazilgan.

YTHning taxminiy sababi sifatida Damas haydovchisi burilish vaqtida to‘g‘ri yo‘ldan harakatlanib kelayotgan “VAZ-2115” avtomobiliga yo‘l bermagani keltirilmoqda. Natijada “VAZ-2115” boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetidagi daraxtga urilgan.

Mazkur fakt asosida Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi (odam o‘limiga sabab bo‘lgan transport boshqarish qoidalarini buzish) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov olib borilmoqda.

Avvalroq Bektemirda Howo yuk mashinasi Cobalt ustiga ag‘darilishi oqibatida bir kishi halok bo‘lgani, Yunusobodda sodir bo‘lgan YTHda vafot etgan bolaning ukasi Prezidentga hodisa joyiga svetofor o‘rnatilishini so‘rab murojaat qilgani hamda Toshkentda to‘rt avtomobil ishtirokida YTH sodir bo‘lgani haqida xabar berilgandi.