Toshkent shahri Yakkasaroy tumani Kichik halqa yo‘lida to‘rtta mashina ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi, deb xabar berdi shahar ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, Lacetti yo‘lning qarama-qarshi tomoniga chiqib ketib, Toyota Camry bilan to‘qnashgan, undan keyin Matiz hamda Mazda’ga urilgan.

Hodisa natijasida Matiz haydovchisi, Toyota Camry haydovchisi va yo‘lovchilari – uning rafiqasi va voyaga yetmagan farzandi jarohat olgan. Jarohatlanganlar tibbiy yordamga murojaat qilgan.

Hodisa sabablari aniqlanmoqda.

Avvalroq Farg‘onada Damas hamda MAN yuk mashinasi to‘qnashishi oqibatida haydovchilardan biri vafot etgani, Koson hokimi yoki o‘g‘li boshqargani taxmin qilingan Captiva 60 yoshli fuqaroni urib yuborgani hamda Toshkentda Malibu yo‘l chetida to‘xtab turgan 2 ta Lacetti’ga urilib, ag‘darilib ketgani haqida xabar berilgandi.