Italiya koronavirus bilan bog‘liq favqulodda holat rejimini aprel oyining oxirigacha uzaytirishga qaror qildi, deb xabar berdi 13-yanvar kuni Il Riformista nashri.

Foto: “TASS”

Italiya sog‘liqni saqlash vaziri Roberto Speranzaning so‘zlariga ko‘ra, rasmiylar koronavirus bilan bog‘liq vaziyatning yomonlashishini har jabhada ko‘rmoqdalar, shuning uchun ular yangi choralarni ko‘rishlari shart.

“Hukumat, avvalambor, 31-yanvarda bekor qilinishi rejalashtirilgan favqulodda holat rejimini 30-aprelgacha uzaytirishni zarur deb hisoblaydi”, – dedi Speranza.

Italiyada endi barcha hududlar koronavirus bilan bog‘liq holatga qarab, eng og‘iridan eng yengiligacha, “qizil”, “sariq” va “yashil” zonalarga bo‘linadi. Endi rasmiylar “oq” zonani joriy etish mumkin deb hisoblaydilar. Speranzaning so‘zlariga ko‘ra, bunday joylarda faqat COVID-19’ga qarshi kurashning eng oddiy qoidalariga rioya qilish kerak bo‘ladi, masalan, niqob kiyish. Uning ta’kidlashicha, “bu zonaning yaqin kelajakda paydo bo‘lishi ehtimoldan yiroq, ammo umidni yo‘qotmaslik kerak”.

Speranza 13-yanvar kuni parlamentda so‘zga chiqdi va shu hafta Italiya yomonlashayotgan epidemiologik holatga duch kelganini aytdi. Shu munosabat bilan Italiya hukumati nafaqat “qizil” hududlarda, balki “sariq” hududda ham mintaqalar o‘rtasida odamlarning harakatlanishiga taqiq qo‘yishi mumkin.

Jons Hopkins universitetining ma’lumotlariga ko‘ra, pandemiya davrida mamlakatda 2,3 milliondan ortiq koronavirusga chalinganlar ro‘yxatga olingan, deyarli 80 ming kishi vafot etgan.

So‘nggi vaqtlarda koronavirusga chalinish holati ko‘paygani bois Tokio bilan Londonda favqulodda holat, Qozog‘iston hamda Germaniyada koronavirus tufayli cheklovlar kuchaytirildi, Livan va Shotlandiyada esa yana karantin joriy etildi.