Turkiyada “Shabi arus” tadbirlarida ishtirok etish uchun bir guruh xorijiy va o‘zbekistonlik jurnalistlar Turkiyaning Istanbul va Konya shaharlarida bo‘lgani haqida xabar berilgandi. Turkiya Madaniyat va turizm vazirligi tomonidan tashkil etilgan ushbu safar davomida ommaviy axborot vositalari vakillari Konya shahridagi tropik kapalaklar bog‘i yoki kapalaklar vodiysiga ham kirib o‘tdi.
Turkiyaning Konya shahridagi tropik kapalaklar bog‘i 3500 kvadrat metr sayr hududi va umumiy 7600 kvadrat metr maydonga ega. Uning salkam 1600 kvadrat metr maydonida 15 turdagi kapalaklar yashaydi. Bog‘da 98 turdagi 20 000dan ortiq o‘simliklar bor. Nektarli o‘simliklar atrofida kapalaklar uchib yurganini ko‘rishingiz mumkin. Tropik bog‘ga kirib issiqqina muhitda parvoz qilib yurgan kapalaklarning rang barang jilosi, karnaydan kelib turgan mayin tovushlar, xilma-xil gullar, daraxtlarning iforini his etish mumkin. Bu yerda kapalaklarning hayoti, maskirovkasi, himoyasi, ozuqasi haqidagi ma’lumotlarga ega bo‘lish mumkin. Maskanda kapalaklardan tashqari tropik hasharotlarni ham uchratish imkoniyati bor.
Bu yerda Uzoq Sharq, janubi-sharqiy Osiyo va boshqa hududlardan keltirilgan 10 000dan ortiq turdagi kapalaklar yashaydi. Tropik bog‘da ular uchun zaruriy iqlimiy sharoit hozirlangan.