O‘zbekistonda 2021-yilda jamoat xavfsizligini ta’minlash, har bir mahallada xavfsiz muhit yaratish bo‘yicha yangicha yondashuvlar joriy etiladi, dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev 29-dekabr kuni Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida.

Shavkat Mirziyoyev Sardoba suv ombori to‘g‘onining buzilgan joyida, 2020-yil 2-may.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezidentning ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda yuz bergan tabiiy va texnogen ofatlar, kuz-qish mavsumida sodir bo‘layotgan yong‘in va boshqa ko‘plab noxush holatlar mavjud tizimni yanada takomillashtirishni taqozo etmoqda.

Shuningdek, hozirda mamlakat bo‘ylab barpo etilayotgan ko‘plab yirik obyektlar va baland qavatli binolarda yong‘in xavfsizligini ta’minlashning yangi tizimini tashkil etish, sohaning moddiy-texnika bazasini va kadrlar salohiyatini tubdan mustahkamlash lozim.

“Shu sababli ikki oy muddatda ‘Favquloddagi holat to‘g‘risida’gi qonun loyihasi hamda yuqorida qayd etilgan muammolar yechimiga qaratilgan Hukumat dasturi ishlab chiqilsin”, — deya topshiriq berdi Shavkat Mirziyoyev o‘z Murojaatnomasi davomida.