Guliston shahrida 20-dekabr hamda 23-dekabr kunlari gumburlash va yer silkinishiga o‘xshash hodisalar ro‘y berdi. Bu haqda Sirdaryo viloyati FVB matbuot xizmati boshlig‘i Davron Sulaymonovga tayanib “Xabar.uz” xabar berdi.

Sulaymonovning so‘zlariga ko‘ra, shahar va unga yondosh hududlarda portlash va yong‘in xavfi mavjud barcha obyektlar o‘rganilganda hech qanday portlash talafotlari aniqlanmagan.

“Shunday bo‘lsa-da, vaziyatni batafsil o‘rganish maqsadida Favqulodda vaziyatlar vazirligiga tezkor axborotnomalar yuborilgan. Bu bo‘yicha maxsus ishchi guruh tashkil qilinib, Gulistondagi yer silkinishi holatlarini o‘rganishni boshlaydi”, — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, holat o‘rganilgach, aniq sabablar va ma’lumotlar e’lon qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, bu kabi gumburlash ovozlari bunga qadar Namangan viloyatida ham bir necha bor kuzatilgan edi. Xususan, 2018-yil 6-dekabr kuni Namanganda ilk bor qattiq gumburlash ovozi eshitilgandi. O‘shanda avvaliga Mingbuloq neft konida portlash yuz bergani ma’lum qilindi, keyinchalik  bu xabar rad etildi. 14-dekabrda esa bu holat yana takrorlangandi. 2019-yilning 29-martida Namanganda uchinchi marta gumburlash sodir bo‘lgan. Favqulodda vaziyatlar vazirligi ushbu gumburlashlar tabiat hodisasi bilan bog‘liq emasligini ma’lum qilgan.