16-dekabr kunidan Buyuk Britaniya poytaxtida COVID-19 koronavirus infeksiyasi tarqalishi munosabati bilan cheklov choralarining uchinchi — eng yuqori darajasi amal qilishni boshladi, deb yozadi “RBK”.

Foto: Reuters

Shahar meri Sodiq Xonning 14-dekabr kuni e’lon qilingan bayonotida aytilishicha, kasallanganlar sonining o‘sishi tufayli to‘liq lokdaun e’lon qilish biznesga va aholiga nisbatan og‘ir zarba bo‘lgan bo‘lardi.

“Londondagi biznes va bizning iqtisodiyotimiz uchun yangi yilda yana bir to‘liq lokdaun eng yomon narsa bo‘ladi. Shuning uchun ham londonliklardan hukumat joriy qilayotgan uchinchi daraja qoidalariga qattiq rioya qilishni qat’iy talab qilib qolaman, toki kasallanish darajasini maksimal ravishda pasaytira olaylik”, — dedi Xon.

Yangi cheklov choralari umumiy ovqatlanish muassasalari — bar, kafe va restoranlarga tegishli bo‘ldi. Ularga mijozlarni qabul qilish taqiqlandi va faqat uyga olib ketish yoki yetkazib berish uchun ishlashi mumkin bo‘ldi. Shuningdek, jamoatchilik va ommaviy tadbirlar ham taqiqlandi. Xususan, shahardagi bog‘larda fuqarolar ko‘pi bilan olti kishi bo‘lib to‘planishi mumkin, shunda ham ijtimoiy masofaga rioya qilishi kerak. Nooziq-ovqat do‘konlari, go‘zallik salonlari va sport zallari o‘z ishini davom ettiradi.

Xon, shuningdek, biznesga davlat tomonidan beriladigan ko‘makni oshirishga chaqirdi. “Vazirlar shoshilinch tartibda ushbu hal qiluvchi bayramlar davrida kiritilgan cheklovlardan jabr ko‘rgan har qanday korxonalar uchun qo‘ldan boy berilgan butun daromad uchun tovon puli to‘lash sxemasini joriy qilishi juda muhim. Hukumat, shuningdek, o‘zini o‘zi yakkalashga majbur bo‘lgan ishchilar uchun kasallik bo‘yicha to‘lovni qonun tomonidan belgilangan to‘liq hajmda to‘lashi hamda gavjum ochiq jamoatchilik joylarida niqob taqishni majburiy qilishi kerak”, — deyiladi merning murojaatida.

14-dekabr holati bo‘yicha Londonda bir kecha-kunduzda 5322 kishi koronavirusga chalingan, butun pandemiya davrida kasallanganlar soni esa 206,5 ming nafarga teng.

Eslatib o‘tamiz, Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson Angliyada 5-noyabrdan 2-dekabrgacha koronavirus tarqalishini to‘xtatish maqsadida umummilliy yakkalanish rejimi amal qilishi haqida noyabr boshida e’lon qilgan edi.

Noyabr oxirida esa Buyuk Britaniyada 2-dekabr kuni koronavirus tufayli joriy qilingan umummilliy karantin tugashi va u mahalliy cheklovlar bilan o‘rin almashishi xabar berildi.

Avvalroq Angliyada karantin qoidalari yumshatilishi fonida 2-dekabrdan boshlab stadionlarga tomoshabinlar kiritilishiga ruxsat berilishi mumkinligi ma’lum qilindi.