Namangan viloyati hududida 2020-yilning 11 oyi davomida jami 622 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev xabar bermoqda.
Ushbu YTHlarda 152 kishi halok bo‘lgan. Bu ko‘rsatkich 2019-yilning shu davrida 160 kishini tashkil etgandi.
Viloyat IIB YHXB matbuot xizmatiga ko‘ra, viloyatdagi yo‘l-transport hodisalariga asosan texnik nosoz avtomobilda uzoq yo‘lga otlanish, harakat vaqtida uxlab qolish, tezlikni belgilangan me’yordan oshirish, avtomashinalarga keragidan ortiq yuk olish hamda yo‘llarda, xususan, Qamchiq dovonida harakatlanish qoidalarini yetarli darajada bilmaslik sabab bo‘lmoqda.
2020-yilning shu kuniga qadar Qamchiq dovonida 40 ta avtohalokat ro‘y bergan. Ularning oqibatida 16 kishi hayotdan ko‘z yumgan, 36 kishi jarohatlangan.
Bunday holatlarning oldini olish, zarur bo‘lgan chog‘larda zudlik bilan yordam berish uchun Qamchiq dovonida FVV, Sog‘liqni saqlash vazirligi va YHXB tomonidan jami 15 ta qutqaruv posti tashkil etildi, ularning 10 tasi Namangan viloyati hududida joylashgan.
Shuningdek, viloyat YHXB xodimlari dovonda qishning sovuq kunlari yo‘lga chiqqan haydovchilarga biroz tin olib, qaynoq qahva ichishni taklif qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Namangan shahrining markaziy ko‘chalari bo‘ylab targ‘ibot maqsadida avariyalarda shikastlangan avtomobillar aylantirilayotgani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)