Britaniyalik ko‘cha rassomi Benksi shaxsini oshkor qilishdan bosh tortganligi sababli o‘zining eng taniqli asarlaridan biri bo‘lgan Flower Thrower (Gul otuvchi) suratiga bo‘lgan mualliflik huquqidan mahrum bo‘ldi. Rasm uchun mualliflik huquqi to‘g‘risidagi ish ikki yil davomida ko‘rib chiqildi. Natijada sud Benksiga qarshi qaror chiqardi, deb yozadi The Guardian.

Benksining Falastin va Isroil o‘rtasidagi devorga chizgan Flower Thrower (Gul otuvchi) graffiti

Foto: Reuters

Rasm 2003-yilda Falastinda paydo bo‘lgan. Rassom o‘zining Wall and Piece kitobida yozishicha, grаffiti ustida ishlayotganda aholi vakillaridan biri uning oldiga kelib: “Siz devorni bezatyapsiz” (Isroil va Falastin o‘rtasidagi to‘siq nazarda tutilgan) degan. Unga minnatdorlik bildirgan Benksi quyidagicha javob eshitgan: “Biz bu devor chiroyli bo‘lishini xohlamaymiz. Biz bu devorni umuman xohlamaymiz, bu yerdan keting”.

Suratda erkak kishi yuzini yashiradigan sharf va beysbolka kiygan holda tasvirlangan. Bu anonimlikni xush ko‘ruvchi Benksining o‘zini ifoda qiladi.

Graffitidagi qahramon qo‘lidagi guldastani go‘yo uloqtirayotgandek tasvirlangan. Uning o‘zi qora va oq rangda tasvirlangan, guldasta esa rangli bo‘yoqlar bilan chizilgan. Bu rasm tinchlikka da’vatni anglatadi.

Benksi o‘zining asaridan foydalanganligi uchun Full Color Black kompaniyasiga qarshi sudga murojaat qildi.

Sud-tibbiyot ekspertlari Benksining mualliflik huquqini rad etishdi, chunki u o‘zining maxfiyligini saqlaydi va o‘z asarini alohida joylarga emas, balki birovning mulkiga chizadi.

Bungacha Benksi afrikalik muhojirlarni qutqarish uchun kema sotib olgani haqida xabar berilgan edi. U kemani o‘z suratlaridan biri bilan bezatgan.