Britaniyalik ko‘cha rassomi Benksining Show Me The Monet (“Menga Moneni ko‘rsat”) kartinasi Londondagi auksionda 9,8 million dollarga sotildi. Bu haqda zamonaviy san’at asari savdosini tashkillashtirgan Sotheby’s auksion uyi o‘zining Twitter’dagi sahifasi orqali ma’lum qildi.

Foto: Twitter / Sotheby’s

Savdolar 21-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan va 8 daqiqa davom etgan. Dastlab kartina 3,9-6,5 million dollar oralig‘ida baholangan.

Show Me The Monet — impressionizm asoschilaridan biri hisoblanuvchi fransuz rassomi Klod Mone tomonidan 1899-yilda yaratilgan “Yapon ko‘prikchasi” polotnosiga o‘xshatma. Benksi kartinasida ko‘lga tashlab ketilgan supermarket aravachasi tasvirlangan.

Ushbu kartina strit-art rassomining eng qimmat asari emas. 2019-yilning oktabrida Benksining Devolved Parliament kartinasi 12 million dollarga sotilib, rekord o‘rnatgandi. Buyuk Britaniya Vakillar palatasida deputatlar o‘rnida maymunlar o‘tirgani tasvirlangan polotno dastlab 1,9-2,5 million dollarga baholangan edi.

Avvalroq Benksi sudda o‘zini oshkor qilmagani uchun eng taniqli asarlaridan birining mualliflik huquqidan mahrum bo‘lgan edi.