Madaniyat vazirligi Madaniy meros departamenti 10-dekabr, payshanba kuni Xiva shahridagi Toshhovli saroyida devor buzilishi bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan maqolaga munosabat bildirdi.

Foto: Telegram / “Vostok i vokrug”

Aniqlanishicha, Toshhovli saroyining sharqiy tomonidagi devor qismi buzilishiga sabab — buyurtmachi tashkilot Ichanqal’a davlat muzey-qo‘riqxonasi bo‘lib, “Surgut neft stroy” pudratchi xususiy korxonasi tomonidan 8-dekabr kuni devorning tepa qismi buzilgan.

Madaniyat vazirligining ma’lum qilishicha, Ichanqal’a davlat muzey-qo‘riqxonasida har qanday ta’mirlash-tiklash ishlari departament qoshidagi Ilmiy-ekspert kengashi xulosasi asosida bajarilishi va YuNESKO tashkiloti bilan kelishish zarurligi aniq belgilangan.

Ammo loyiha Ilmiy-ekspert kengashiga kiritilmagan va saroyda loyihasiz ta’mirlash-tiklash ishlari olib borilganligi aniqlangan. Hozirda departament ushbu saroyda ta’mirlash-tiklash ishlarini to‘xtatgan va huquq targ‘ibot idoralariga hujjat tayyorlanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2019-yilning dekabrida Madaniyat vazirligi Toshhovli madaniy yodgorlikka o‘rnatilgan alyumin romni oldirib tashlagan edi.

Avvalroq 2019-yilning avgustida Aleksandr Makedonskiyning yo‘qolgan shahri deya ta’riflangan Surxondaryo viloyatidagi Kampirtepa yodgorligining devori qulagani to‘g‘risida xabar berilgandi.