Madaniyat vazirligi Facebook ijtimoiy tarmog‘ida Xivadagi Tosh-hovli majmuasiga o‘rnatilgan alyumin romlarning tarqalgan suratiga munosabat bildirib, bu ish bilan prokuratura shug‘ullanishini ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, Ichanqal’a muzey qo‘riqxonasidagi majmuaga o‘rnatilgan alyumin rom Madaniyat vazirligi ilmiy-ekspert kengashining ruxsatisiz o‘rnatilgan.
“Madaniyat vazirligi tomonidan Xiva shahridagi Ichanqal’a muzey qo‘riqxonasi hudidagi Tosh-hovli majmuasiga o‘rnatilgan Akfa romi ilmiy-ekspert kengashidan ruxsat olmasdan o‘rnatilgani aniqlandi, shu bois bu holat yuzasidan dalolatnoma tuzilib o‘rganib chiqildi va mavjud muammo bartaraf etildi. Vazir topshirig‘i bilan hujjatlar respublika prokuraturasiga oshiriladi, madaniy meros obyektlariga yekazilgan zarar uchun aybdorlar javobgarlikka tortiladi”, — deyiladi xabarda.
Ayni vaqtda romlar olib tashlangan. Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros departamenti kengashining madaniy meros obyektlarida olib boriladigan har qanday ta’mirlash va tiklash ishlari bo‘yicha bajariladigan ishlar smeta loyihalari taqdim etilgan holda ilmiy xulosa olish belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, Euronews kanali 2016-yilda Tosh-hovli saroyi haqida hikoya qiluvchi reportajini butun dunyo bo‘ylab efirga uzatgan edi.