Tesla va SpaceX kompaniyalari bosh direktori Ilon Maskning boyligi 152,9 milliard dollarga yetdi. Bu haqda 7-dekabr kuni New York Post’ga tayanib “Korrespondent.net” xabar berdi.

Foto: Reuters

Qayd etilishicha, bir kun oldingi savdolar paytida Tesla aksiyalarining qiymati 7 foizga, kompaniya uchun rekord bo‘lgan 600 milliard dollardan oshgan.

Mask boyligi 129 milliard dollarni tashkil etuvchi Microsoft asoschisi Bill Geytsni ortda qoldirib, bir necha haftadan beri dunyodagi eng boy odamlar reytingida ikkinchi pog‘onani egallab turibdi.

Shu yilning o‘zida Maskning boyligi 120 milliard dollardan oshgan. Ayni paytda Amazon rahbari Jeff Bezos 185 milliard dollarlik boyligi bilan Maskdan oldinda turibdi.

Eslatib o‘tamiz, Tesla narxi 10 yil ichida 100 milliard dollarga o‘sib, 600 milliard dollardan oshdi.

Avvalroq Forbes Maskning dunyodagi eng boy odamlar ro‘yxatidagi o‘rni bo‘yicha Bloomberg bilan bahslashgani haqida xabar berilgan edi.