Bu yil narxi ancha ko‘tarilgan Tesla kompaniyasi aksiyalari keskin o‘sganiga qaramay, kompaniya bosh direktori Ilon Mask Bloomberg ma’lum qilganidek dunyodagi ikkinchi eng boy odam emas. “RBK”ning yozishicha, Forbes shunday xulosaga keldi.

Foto: AFP

Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, Mask 126,8 milliard dollarlik boyligi bilan dunyoning eng boy odamlari ro‘yxatida uchinchi o‘rinni egalladi, undan oldinda faqat Amazon bosh direktori Jeff Bezos (182 milliard dollar) va Fransiyaning LVMH kompaniyalari bosh direktori (Louis Vuitton Moet Hennessy) Bernard Arno (140,6  milliard dollar) turibdi.

Kuni kecha, 24-noyabr kuni Bloomberg Mask Bill Geytsni ortda qoldirib, milliarderlar orasida ikkinchi o‘ringa chiqqanligini yozgandi. Nashr sayyoradagi eng boy odamlar ro‘yxatining uchinchi qatoriga Microsoft asoschilaridan birini qo‘ygandi. O‘sha paytda Tesla asoschisi aktivlardan 127,9 milliard dollarga, Geyts esa 127,7 milliard dollarga ega edi.

Forbes biznesmenning moliyaviy holatini qanday baholaganini quyidagi omillar bilan izohlagan. Birinchidan, u Teslaning aksiyalarining yarmidan ko‘pini shaxsiy kreditlar garovi sifatida garovga qo‘ydi, shuning uchun jurnal uning ulushini 25 foiz chegirma bilan baholamoqda. Forbes shuningdek, milliarderning SpaceX’dagi ulushiga 10 foizli chegirmani qo‘lladi (u 46 milliard dollarga baholangandi, Mask aksiyalarning 48 foiziga egalik qiladi). Shunday qilib, biznesmenning kosmik gigantdagi ulushi faqat 20 milliard dollarni tashkil etadi xolos.

Tesla qatorasiga beshinchi chorak barqaror daromadni namoyon etmoqda. O‘tgan haftada kompaniya aksiyalari ko‘tarilishi natijasida Mask 13,5 milliard dollar ishlab topdi. Bu kompaniya yil oxiriga qadar S&P indeksiga kirishi haqidagi xabarlar fonida yuz berdi.

Bungacha u eng boy odamlar ro‘yxatida Facebook asoschisi Mark Sukerbergni ortda qoldirgan — 19-noyabr holatiga ko‘ra, uning boyligi 103 milliard dollarga baholangan, Mask esa Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra o‘sha vaqtda 120 milliard dollarga ega bo‘lgan.

49 yoshli Mask Tesla qimmatli qog‘ozlarining 21 foiziga egalik qiladi. Forbes ma’lumotiga ko‘ra, kompaniya narxi 2020-yilda 460 foizdan oshdi. Mask bu yil kompaniya aksiyalarining o‘sishidan kamida 100 milliard dollar foyda ko‘rdi — bu Yer yuzidagi eng boy odamlar reytingidagi boshqalarga qaraganda ko‘proq.

Mask Tesla Motors’ga 2003-yilda asos solgan. Kompaniyaning asosiy faoliyati elektromobil va u bilan bog‘liq texnologiyalarni hamda quyosh panellarini ishlab chiqarishdir.