Pfizer kompaniyasi koronavirusga qarshi vaksinani AQShda ro‘yxatdan o‘tkazish uchun murojaat qildi. Kompaniya AQSh Oziq-ovqat va farmatsevtika boshqarmasidan (FDA) vaksinadan favqulodda vaziyatda foydalanishga ruxsat so‘ramoqda, bu vaksinaning soddalashtirilgan tartibda ro‘yxatdan o‘tishini o‘z ichiga oladi, deb xabar bermoqda Meduza.

Foto: Reuters

Pfizer dekabr oyining o‘rtalarida FDA ruxsatini olishni kutmoqda va kompaniya vaksinani darhol yetkazib berishga tayyor. 2020-yil oxirigacha Pfizer 25 million kishini emlash uchun mo‘ljallangan 50 million dozadagi vaksinani ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda.

“Kommersant”ning xabar berishicha, ruxsat olinganidan keyin vaksina bilan yuqori xavf guruhidagi odamlarni 2020-yil dekabr oyi o‘rtalarida yoki oxiriga qadar emlash mumkin bo‘ladi. Shuningdek, kompaniya Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya va boshqa mamlakatlarda ham vaksinadan foydalanishga ruxsat olish uchun tegishli idoralarga murojaat qilmoqchi.

Reuters manbalariga ko‘ra, FDA 8—10-dekabr kunlari bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishda Pfizer vaksinasini muhokama qilmoqchi. Agentlikning suhbatdoshlari belgilagan sanalar o‘zgarishi mumkinligini aytgan.

Vaksinani soddalashtirilgan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi so‘rov FDA’ga yuborilganligi haqidagi xabardan so‘ng, Pfizer aksiyalari 2 foizga o‘sdi. Pfizer bilan birga vaksinani ishlab chiqayotgan Germaniyaning BioNTech kompaniyasi aksiyalari esa 5 foizga o‘sdi.

Vaksinaning narxi bir doza uchun 20 dollardan oshmaydi. Vaksina barcha yosh, irq va millat uchun bir xil. Kompaniyalar Rossiyada ham vaksinani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ariza bermoqchi.

Noyabr oyining boshida Pfizer va BioNTech o‘zlarining BNT162b2 vaksinasi uchinchi bosqich sinovlarida 90 foiz samara ko‘rsatganini e’lon qildi. Bir hafta o‘tgach, kompaniyalar vaksinaning samaradorligi 95 foiz ekanligini ma’lum qildi. Amerika fond birjalari Pfizer/BioNTech vaksinasining samaradorligi to‘g‘risidagi xabarlarga indekslarning rekord darajada o‘sishi bilan munosabat bildirdi, masalan, aviakompaniyalarning qimmatli qog‘ozlari qimmatlashdi, Zoom aksiyalari esa aksincha, pasayib ketdi.

Shuningdek, noyabr oyida Amerikaning Moderna kompaniyasi o‘zining yangi koronavirusga qarshi vaksinasi sinovlarning uchinchi bosqichida 94,5 foiz samaradorlik ko‘rsatgani haqida xabar berdi. Rossiyaning “Sputnik V” vaksinasini ishlab chiqaruvchilar esa o‘zlarining vaksinasi samaradorligini 92 foizga baholadi.