Bahrayn Pfizer va BioNTech kompaniyalari tomonidan yaratilgan koronavirusga qarshi vaksinadan favqulodda foydalanishga ruxsat bergan dunyodagi ikkinchi davlatga aylandi, deb xabar beradi “Interfaks”.

“Pfizer/BioNTech vaksinasining ma’qullanishi podshohlik tomonidan pandemiya davrida mamlakatdagi barcha aholining sog‘lig‘ini saqlash bo‘yicha qabul qilingan koronavirusga qarshi kurash choralariga muhim qo‘shimcha hisoblanadi”, — deydi Bahrayn Sog‘liqni saqlash milliy xizmati rahbari Maryam al-Jalahma.
Pfizer kompaniyasning Fors ko‘rfazidagi bo‘linmasi rahbari Lindsi Dietchi Bahraynning ushbu qarorini “COVID-19’ga qarshi kurashdagi tarixiy hodisa” deb atagan.
Bahraynda pandemiya boshlanganidan buyon 87 mingdan ortiq odam koronavirusga chalingan bo‘lib, ularning 85 mingdan ortig‘i sog‘aygan, bemorlarning 341 nafari vafot etgan.
Eslatib o‘tamiz, 2-dekabr kuni Buyuk Britaniya dunyoda birinchi bo‘lib Pfizer’ning koronavirusga qarshi vaksinasidan foydalanishni ma’qullagan. Shuningdek, Pfizer va BioNTech vaksinani AQShda hamda Yevroittifoqda ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ariza bergan.Mavzuga doir: Pfizer yil oxiriga qadar rejadagidan ikki barobar kamroq — 50 mln doza vaksina ishlab chiqaradi
Avvalroq Pfizer va BioNTech o‘zining BNT1622b vaksinasi tadqiqotlarning uchinchi bosqichi yakunlari bo‘yicha 95 foiz samaradorlik ko‘rsatganini ma’lum qilgandi. Taqqoslash uchun: Rossiyaning “Sputnik V” vaksinasi samaradorligi o‘z ishlab chiquvchilari tomonidan 92 foizga, Amerika Moderna kompaniyasi vaksinasi — 94,1 foizga, AstraZeneca kompaniyasi vaksinasi — 70 foizga baholangan.







