“Hududgaz Raqamlashtirish” korxonasi tomonidan tajriba tarzida iste’molchilarga ishlatilgan tabiiy gaz uchun yuzaga kelgan qarzni to‘lash zarurligi haqida SMS xabarlar yuborildi.

Foto: Shutterstock

Qayd etilishicha, dastlabki 3450 ta xabar Toshkent viloyati tumanlari aholisi tomonidan qabul qilinib, mazkur SMS xabarlardan so‘ng bir kun ichida viloyat aholisi tomonidan iste’mol qilingan tabiiy gaz uchun 50 million so‘mga yaqin to‘lovlar amalga oshirildi.

Gaz iste’molchilarini SMS xabarlar orqali xabardor qilish imkonini beruvchi zamonaviy aloqa vositalaridan foydalanish samarador ekanligini inobatga olgan holda, “Hududgaz Raqamlashtirish” abonent xizmati mamlakatning boshqa hududlari aholisiga ham qarzdorlik haqidagi 63 mingta SMS xabar yuborgan.

“‘Hududgazta’minot’ barcha iste’molchilardan foydalanilgan tabiiy gaz uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirishni so‘raydi. Buning uchun endi gaz ta’minoti tashkilotlariga borishga hojat yo‘q. Gaz uchun to‘lovlarni Payme, Click, Paynet elektron to‘lov tizimlari, shuningdek, joylardagi tijorat banklarining to‘lovlarni qabul qilish punktlari orqali amalga oshirish imkoniyati yaratildi”, — deyiladi xabarda.

“Hududgazta’minot” hozirgi vaqtda tabiiy gaz iste’molchisi shaxsiy kabineti hududgaz.uz saytida sinovdan o‘tkazilayotgani, bu xizmat orqali abonentlar mavjud qarzlar, gaz iste’moli hajmi, oldindan to‘lovlar va ularni amalga oshirish haqida ma’lumotlarga ega bo‘lishlari mumkinligini ma’lum qilgan.

Avvalroq O‘zbekistondagi ikkita sement zavodi gaz bosimi pasayishi sabab mahsulot ishlab chiqarishni to‘xtatgani hamda O‘zbekistonda tabiiy gaz qazib olish hajmi deyarli 10 milliard kub metrga kamaygani haqida xabar berilgandi.