Gulnora Karimova Shveysariyada bo‘lib o‘tgan sudda g‘olib chiqdi. Sud qaroriga ko‘ra, Gulnora Karimova bankda muzlatilgan qariyb 350 million dollarlik aktivga egalik qilishi mumkin. Bu haqda Bloomberg agentligiga tayanib, “Kun.uz” xabar berdi.

Foto: Bloomberg

Agentlikning yozishicha, Shveysariya federal apellyatsiya sudi 3-dekabr kuni Gulnora Karimovani Gibraltar ofshor hududida ro‘yxatdan o‘tgan Takilant Ltd. kompaniyasining huquqiy egasi etib topish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqqan va uni qanoatlantirgan. Mazkur kompaniyaning Shveysariya bankidagi hisobraqamida qariyb 350 million dollar miqdoridagi aktivlari 2018-yilda qabul qilingan jinoyat ishi qarori bilan muzlatilgan.

Sud qaroriga ko‘ra, jinoyat ishi doirasida faqat B. ismli shaxs aybli deb topilgan. U hujjatlarni soxtalashtirish, noqonuniy daromadlarni legallashtirish, Karimova nomidan ochilgan kompaniyalar orqali poralar olishda aybdor deb topilgan.

“Bu Gulnora Karimova uchun muhim g‘alaba, federal prokuratura uning aktivlarini musodara etishga erishmoqchi edi”, — degan Karimovaning advokati Greguar Manja.

Avvalroq Shveysariya hukumati Gulnora Karimovaga taalluqli 131 million dollarni ma’lum shartlar bilan O‘zbekistonga qaytarishga rozilik bergani haqida xabar qilingandi. 2020-yilning may oyida esa Gulnora Karimova tomonidan jinoiy yo‘l bilan orttirilgan 10 million dollar miqdoridagi aktivlar Fransiyadan O‘zbekistonga qaytarilgani ma’lum qilindi. Iyun oyida esa Gulnora Karimova tomonidan jinoiy yo‘l bilan orttirilgan 1,3 milliard AQSh dollaridan ortiq miqdordagi mulklarni qaytarish bo‘yicha Shveysariya, AQSh, Fransiya, Rossiya kabi davlatlar bilan hamkorlikdagi ishlar davom etayotgani haqida xabar berilgandi.