Toshkent shahar ma’muriy sudi 11-dekabr kuni Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va UzAuto Motors kompaniyasi o‘rtasidagi sud ishini qayta ko‘rib chiqadi. Bu haqda Oliy suddagi manbasiga tayanib, “Kun.uz” xabar berdi.

Foto: “Daryo”

Nashrning yozishicha, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining Toshkent shahar sudi tomonidan 2020-yil 30-oktabrda qabul qilingan hal qiluv qaroriga nisbatan keltirgan apellyatsiya shikoyatini sud qabul qildi.

Avvalroq Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi UzAuto Motors ishi bo‘yicha Toshkent shahar ma’muriy sudi qarori ustidan appelyatsiya shikoyatini kiritgani haqida xabar berilgandi.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va UzAuto Motors o‘rtasidagi bahs

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayevning tanqidlari ortidan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi 2020-yilning iyul oyida UzAuto Motors AJga nisbatan ish qo‘zg‘atdi. Qo‘mita kompaniya tomonidan “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunni buzish alomatlarini aniqlagan.

Qo‘mitaning 2020-yil 19-avgust kuni o‘tkazilgan yig‘ilishida maxsus komissiya tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar kompaniya avtomobil narxlarini asossiz oshirganini tasdiqlagan. Unga ko‘ra, avtomobillar narxi 3 million so‘mdan 19 million so‘mgacha asossiz oshirilgani aniqlangan. Qo‘mita narxlarning asossiz oshirilgan qismlarini bekor qilib, avtomobillarni kamaytirilgan narxlarda sotish bo‘yicha ko‘rsatma bergan. UzAuto Motors esa bunga “avtomobillar narxi asosli va hozir narxni pasaytirish imkonsiz” deya javob qaytargan edi.

Mazkur o‘rganish natijalari omma uchun e’lon qilingach UzAuto Motors Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi qoshidagi maxsus komissiya qabul qilgan qaror ustidan sudga shikoyat qilishini bildirgandi va keyinroq kompaniya Toshkent shahar ma’muriy sudiga shikoyat qilgani ma’lum bo‘lgandi.

Kompaniyaning sudga murojaat qilgani ma’lum bo‘lgach, Rasul Kusherbayev o‘z munosabatini bildirib, “Ko‘ramiz, sud bu ishni qanchalik mustaqil ko‘rib chiqib, qonunlarga asosan qaror qabul qilarkan. Shuncha qiyinchilik bilan xalq roziligi uchun boshni kundaga qo‘yib qilinayotgan ishdan hafsala pir bo‘lmasin-da, ishqilib”, — deya yozgandi.

UzAuto Motors va Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi o‘rtasidagi sud jarayoni 2-oktabr kuni boshlangan, 9-oktabrda o‘tkazilgan sud majlisida UzAuto Motors tovarlar narxini shakllantirish maxfiy hujjatlarga asoslanganini bildirgan va sud 16-oktabrdagi majlisda ishni yopiq tartibda ko‘rishni boshlagan.

23-oktabrda bo‘lib o‘tgan sud majlisida UzAuto Motors chetdan olib kelingan butlovchi ehtiyot qismlarning narxi oshishi, xorijiy valyuta kursi oshishi tannarxlarni shakllantirishida ta’sir qilishini ta’kidlab, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bu holatni hisobga olmaganini bildirgan. Bunga javoban qo‘mita vakillari tekshirish davomida bir necha marotaba hujjatlar taqdim etish so‘ralganida kompaniya tomonidan tegishli hujjatlar o‘z vaqtida taqdim etilmaganligi, tekshirish muddati yakunlanishiga kam vaqt qolganligi sababli umumiy hisob-kitoblar tanlov asosida o‘rganib chiqilganligi ma’lum qilgan.

Toshkent shahar ma’muriy sudining 2020-yil 30-oktabrdagi hal qiluv qaroriga asosan arizachi UzAuto Motors AJning javobgar Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga nisbatan maxsus komissiyasining 21/31-sonli ish bo‘yicha 2020-yil 19-avgustdagi qarorini haqiqiy emas deb topish haqidagi shikoyat arizasi qanoatlantirildi.

Sud jarayonlari orasida UzAuto Motors kompaniyasi turli bayonotlar qilib, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasini OAVga bosim o‘tkazayotganlikda aybladi. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi esa UzAuto Motors’ni davlat organiga nisbatan axloqiy me’yorlardan chiqmagan holda mulohaza yuritishga chaqirdi. Yakunda UzAuto Motors’ning mazkur ayblovi o‘z tasdig‘ini topmadi.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi 18-noyabr kuni UzAuto Motors ishi bo‘yicha Toshkent shahar ma’muriy sudi qarori ustidan appelyatsiya shikoyatini kiritdi.