Toshkent shahar ma’muriy sudida 2-oktabr kuni UzAuto Motors kompaniyasining Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi maxsus komissiyasining qarori ustidan bergan shikoyati bo‘yicha sud ishi boshlandi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: “Daryo”

Ma’lum qilinishicha, UzAuto Motors kompaniyasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi maxsus komissiyasining 2020-yil 19-avgustdagi qarorini haqiqiy emas, deb topish to‘g‘risidagi shikoyat arizasini bergan va bu arizani ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni boshlandi. Ushbu ma’muriy ish sudya G‘. Davlatov raisligida ko‘rilmoqda.

2-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida taraflarning shaxsi aniqlanib, ularning huquq va majburiyatlari tushuntirildi.

Ma’lum qilinishicha, arizachi — UzAuto Motors aksiyadorlik jamiyati vakili sudga sud majlisini yopiq tarzda o‘tkazish to‘g‘risidagi iltimosnoma kiritdi.

”Mazkur iltimosnoma yuzasidan taraflar fikri so‘ralganidan so‘ng sud o‘z o‘rnida ajrim qilib, mazkur iltimosnoma ishni ko‘rish jarayonida taraflar tomonidan davlat siri bilan bog‘liq maxfiylashtirilishi lozim bo‘lgan hujjatlar sud muhokamasida ko‘rilishi uchun taqdim etilganidan so‘nggina muhokama qilinishi uchun ochiq qoldirildi va sud ishni mazmunan ko‘rib chiqishni boshladi”, — deyiladi Oliy sud xabarida.

Dastlab so‘z navbati UzAuto Motors vakiliga berildi. Kompaniya vakili o‘z vajida bildirishicha, javobgar —Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi o‘tkazgan tekshiruv jarayonida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 28-oktabrdagi 239-sonli qarori noto‘g‘ri tatbiq etilgan, UzAuto Motors tomonidan ishlab chiqariladigan tovarlarga narxlar shakllantirilishida Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 30-martdagi 249-sonli qarori tatbiq etilishi lozim, jamiyat tomonidan ishlab chiqariladigan tovarlarning narxini kelishish jamiyatning Kuzatuv kengashi vakolatiga kiradi.

Shuningdek, arizachining vakili tomonidan ma’lum qilinishicha, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining maxsus komissiyasi tomonidan “Raqobat, tabiiy monopoliyalar, iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish va reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun ish qo‘zg‘atish va ularni ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risida”gi nizomning 18-bandi talablari buzilgan holda qaror qabul qilingan, chunki maxsus komissiya yig‘ilishini o‘tkazishni boshqa kunga qoldirish to‘g‘risidagi iltimosnoma kiritilgan bo‘lsa-da, UzAuto Motors’ga yozma fikr va dalillarni taqdim etish huquqi cheklangan.

Xabar berilishicha, javobgarning vakili tomonidan arizachining vajlariga nisbatan fikr-mulohazalari tinglanganidan so‘ng mazkur vajlarga nisbatan qo‘shimcha hujjatlarni taqdim etishi to‘g‘risida fikr bildirildi va sud muhokamasi taqdim etilgan qo‘shimcha dalillarni o‘rganish hamda sud majlisini yopiq tarzda o‘tkazish uchun kiritilgan iltimosnoma yuzasidan hujjatlarni o‘rganish uchun keyinga qoldirildi.

Keyingi sud majlisi 2020-yil 9-oktabr kuni soat 11:00 da o‘tkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, deputat Rasul Kusherbayevning tanqidlari ortidan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi UzAuto Motors AJga nisbatan ish qo‘zg‘atgan edi. Qo‘mita kompaniya tomonidan “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunni buzish alomatlarini aniqlagan.

Qo‘mitaning 2020-yil 19-avgust kuni o‘tkazilgan yig‘ilishida maxsus komissiya tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar kompaniya avtomobil narxlarini asossiz oshirganini tasdiqlagan. Unga ko‘ra, avtomobillar narxi 3 million so‘mdan 19 million so‘mgacha asossiz oshirilgani aniqlangan.

Mazkur o‘rganish natijalari omma uchun e’lon qilingach UzAuto Motors Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi qoshidagi maxsus komissiya qabul qilgan qaror ustidan sudga shikoyat qilishini bildirgandi va keyinroq kompaniya Toshkent shahar ma’muriy sudiga shikoyat qilgani ma’lum bo‘lgandi.