Yaqinda Nature Astronomy jurnalida glitsin moddasi haqidagi tadqiqotlar bo‘yicha maqola nashr qilindi. “Daryo” EurekAlert saytida e’lon qilingan ushbu ilmiy maqolani tarjima tariqasida taqdim etadi.
Yangi tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, hayot paydo bo‘lishi uchun zarur bo‘lgan “masalliqlardan” biri, probiologik molekulalardan hech bo‘lmaganda bitta turi yulduzlar va sayyoralardan olisdagi qahraton sharoitlarda – yulduzlararo fazoda ham shakllanishi mumkin.
Glitsin aminokislotasi – eng sodda aminokislotalardan biri bo‘lib, usiz hayot shakllanishi imkonsiz bo‘lar edi. Ilgari ilm-fanda glitsinning paydo bo‘lishi uchun radiatsion nurlanish zarur bo‘ladi, degan qarash mavjud edi. Lekin laboratoriya tadqiqotlari shuni ko‘rsatdiki, glitsin yulduzlarning energiyasi talab etilmaydigan sharoitda ham, ya’ni “qorong‘ilik kimyosi” orqali ham hosil qilinishi mumkinligi aniq bo‘ldi.
Avvallari ham glitsin kutilmagan, noodatiy joylardan topilgan edi. 2020-yilning mart oyida meteoritlardan birida va bir oycha muqaddam Venera atmosferasida ham glitsin aniqlangandi. Olimlarni eng ko‘p qiziqtirgan jihati, ushbu molekulaning 67P/Churyumov-Gerasimenko kometasining atmosferasida ham aniqlangani bo‘lgan edi. Bu esa mazkur molekula Quyosh va sayyoralardan mustaqil ravishda hosil bo‘la oladi degani.
Lekin laboratoriya eksperimentlari va modellashtirish natijalari shuni ko‘rsatdiki, glitsin yulduzlararo fazodagi muzning, yulduz shakllanishning so‘nggi bosqichlaridagi ultrabinafsha nurlari, kosmik nurlar, issiqlik nurlanishlari va rentgen nurlari ta’sirida yuzaga keladi. Nurlanish juda kuchli bo‘lsa, aminokislotalar parchalanadi. Shu sababli ham Londondagi Qirolicha meri universitetidan astrokimyogar olim Serjio Yoppolo boshchiligidagi ilmiy guruh tomonidan glitsin shakllanishining muqobil yo‘nalishlari ham qidirib ko‘rildi.
“Biz laboratoriyada yulduzlararo qorong‘i bulutlardagi sharoitni hosil qilishga erishdik, unda sovuq changning yuzasi muz bilan qoplangan bo‘lib, atomlar tomonidan to‘xtovsiz zarba berib turiladi va shu sababli, avvalgi birikmalar parchalanib, reaktiv oraliq mahsulotlardan yangilari shakllanadi”, deb izoh bergan Yoppolo.
Tadqiqotchilar tekshirishlarni avvalroq yulduzlararo fazodan aniqlangan modda – metilamindan boshlagan, chunki u glitsinning hosil bo‘lishiga sabab bo‘ladigan amin asosi hisoblanadi. Avvalroq bajarilgan boshqa bir mustaqil eksperiment ham metilaminning shunday sharoitlarda shakllana olishini isbotlagan edi. SURFRESIDE2 nomli astrokimyoviy kompyuter modellashtirishi vositasida olimlar metilaminga boy muzning yulduzlararo fazodagi sharoitdagi bir kunlik holatini bir necha million yillar uchun tatbiq etib ko‘rgan edi.
Shu orqali esa olimlar glitsinning koinotda yulduzlar va sayyoralar shakllanishidan avvalroq ham hosil bo‘la olishini isbotlagandi. Bu esa probiologik materialning katta miqdori muz bilan birga meteoritlar va kometalar sirtiga tushib, u orqali sayyoralarga yetib borgan bo‘lishi mumkinligini bildirdi.
“Glitsin shakllanib bo‘lgach u boshqa yanada murakkabroq organik molekulalarning shakllanishiga ham turtki berishi mumkin”, deb ta’kidladi Yoppolo. Keyin esa alanin va serin singari boshqa aminokislotalar ham shakllangan bo‘lishi mumkin.
Izoh (0)