Rossiyada so‘nggi sutkada 24 318 kishida COVID-19 qayd etildi, deb xabar bermoqda Meduza. Mamlakatda pandemiya boshidan buyon jami 2 039 926 kishida koronavirus aniqlangan.

Foto: “TASS”

Yangi aniqlangan holatlarning eng ko‘pi Moskva (sutkasiga 6902 nafar), Sankt-Peterburg (+2394) va Moskva viloyatida (+887) qayd etilgan.

Koronavirusga qarshi kurashish tezkor shtab ma’lumotlariga ko‘ra, sutka davomida 461 kishi,  pandemiya boshlanganidan buyon esa 35 311 kishi koronavirusdan vafot etgan. Bundan bir kun avval 463 kishi vafot etib, sutkalik o‘lim holatlari bo‘yicha pandemiya boshlanganidan buyon yangi yuqori ko‘rsatkich bo‘lgandi.

Bir sutkada COVID-19 bemorlarining 24 758 nafari, pandemiya boshlangandan buyon esa 1 551 414 nafari sog‘aygan. Ayni paytda Rossiyada koronavirusga chalingan 453 201 kishi davolanmoqda.

“Rospotrebnadzor” ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda so‘nggi 24 soatda koronavirusni aniqlash uchun 596 mingta, pandemiya boshlanganidan buyon esa 71,2 milliondan ortiq test o‘tkazilgan.

Jons Hopkins ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya koronavirus qayd etilganlar soni bo‘yicha dunyoda AQSh, Hindiston, Braziliya va Fransiyadan keyin beshinchi o‘rinda.