Farg‘onada DXX va IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda pul tikib xo‘roz urishtirish uchun tashkil etilgan arena aniqlanib, uning faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda viloyati IIB axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 5-noyabr kuni o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro M.N.ga tegishli bo‘lgan Yorug‘lik ko‘chasida joylashgan milliy o‘yinlar uchun mo‘ljallangan o‘yingohda qonunga xilof ravishda xo‘roz urishtirish o‘yinini tashkil etganligi aniqlangan. Natijada 11 ta xo‘roz va 1 million 34 ming so‘m pullar daliliy ashyo tariqasida olingan.
Mazkur holat yuzasidan Farg‘ona shahar IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan A.I.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 278-moddasi 1-qismi (qimorxona tashkil etish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ma’lumot uchun, Jinoyat kodeksining 278-moddasi (qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish hamda o‘tkazish)da ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etgan shaxs yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Avvalroq Samarqandda pul tikib, xo‘roz urishtiriladigan yashirin arena faoliyatiga chek qo‘yilgani, O‘rta Chirchiqda karantin qoidalarini buzib, xo‘roz o‘yinlarida qatnashgan 124 nafar shaxs qo‘lga olingani, shuningdek, Andijonda karantin payti noqonuniy xo‘roz o‘yini tashkillashtirganlarga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)