Xalqaro atom energiyasi agentligining (MAGATE) O‘zbekistondagi yadroviy infratuzilmani kompleks ko‘rib chiqish missiyasi INIR (Integrated Nuclear Infrastructure Review)ni 2021-yilning birinchi yarmiga ko‘chirdi. Bu haqda “O‘zatom” agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Shu yilning fevral oyida energetika vaziri Alisher Sultonov, INIR missiyasi oktabriga rejalashtirilganini ma’lum qilgandi. Keyinroq O‘zbekiston TIV missiya dekabrga ko‘chirilganini bildirgan.
Matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 9—12-noyabr kunlari INIR missiyasining dastlabki yig‘ilishi videokonferensaloqa shaklida o‘tkazilmoqda va unda mamlakatning 20 dan ortiq vazirlik hamda tashkilotlaridan 40 dan ortiq mutaxassis ishtirok etyapti.
“O‘zaro fikr almashinuvi ruhida kechayotgan ushbu uchrashuvda O‘zbekiston yadro xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha MAGATEning barcha tavsiyalari va talablariga rioya qilishga tayyor ekanligini bildirdi”, — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, 2019-yilda MAGATE bosh direktori Mixail Chudakov agentlik 2020-yilda INIR missiyasini yuborishini ma’lum qilgandi. “O‘zatom” ma’lumotlariga ko‘ra, MAGATE ko‘magi bilan 2020—2021-yillarga mo‘ljallangan AES qurilishi doirasida mamlakat uchun kadrlar malakasini oshirish va yadro infratuzilmasini yaratish dasturini ishlab chiqilgan