Armaniston jangovar harakatlarni davom ettirganida, nafaqat Stepanakertni (Xonkandi shahri), balki butun Tog‘li Qorabog‘ni qo‘ldan chiqargan, minglab harbiy xizmatchilar qurshovda qolib ketgan bo‘lardi. Bu haqda Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan ma’lum qildi, deb xabar beradi “RBK”.
Pashinyan o‘zining Facebook’dagi sahifasi orqali videomurojaat yo‘llab, nima sababdan Ozarbayjon bilan bitim imzolaganini tushuntirib bergan.
“Oqibatda to‘liq kollaps yuzaga keldi. Aynan ushbu baho asosida shu kabi qaror qabul qilindi. Shu kunlarda old qatorda jang qilganlar o‘nlab harbiy xizmatchilar bekorga bunday qarorning qabul qilinishini yoqlab videoroliklar jo‘natmayapti. Bu nimadan dalolat? Bu ular hodisa joyida turib, vaziyatni yaxshiroq tushunishini bildiradi. Bor haqiqat — shu”, — deydi bosh vazir.
Shuningdek, Pashinyanning so‘zlariga ko‘ra, imzolangan bitim urush davom etganida qo‘ldan chiqishi mumkin bo‘lgan hududlarni saqlab qolish imkonini bergan.
Avvalroq Pashinyan jangovar harakatlarni to‘xtatish va tinchlik sulhini imzolashga uni harbiylar undaganini ma’lum qilgandi. “Armiya to‘xtash kerakligini aytdi. Chunki bizning savollarimiz bor, ularning istiqbolli yeshimi esa yo‘q yoki resurslar tugadi”, degandi Pashinyan. Shuningdek, u Tog‘li Qorabog‘ bo‘yicha omadsizlikda javobgar ekanligini tan olgan.
Eslatib o‘tamiz, 10-noyabrga o‘tar kechasi Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Tog‘li Qorabog‘da 10-noyabr soat 00:00 dan boshlab barcha jangovar harakatlarning butunlay to‘xtatilishi haqida uch tomonlama bayonot qabul qilgani ma’lum bo‘ldi. Mazkur bayonotga ko‘ra, Ozarbayjon va Armaniston Qurolli kuchlarining bo‘linmalari egallab turgan joylarida to‘xtaydi. Rossiya tinchlikparvarlari esa Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuv chizig‘i hamda uni Armaniston bilan bog‘lovchi koridorda joylashtiriladi.
Qorabog‘ masalasida Pashinyanning qaroridan norozi bo‘lganlar Armaniston hukumati binosini egallab oldi. Bir necha o‘n kishi bosh vazirning xonasi va qarorgohini talab ketdi. Keyinroq Armanistonda hokimiyatni egallash va parlament spikerini kaltaklashga chaqirgan olti kishi qo‘lga olingani ma’lum bo‘ldi.