Bahraynda 1970-yildan buyon hukumat rahbari bo‘lib ishlagan bosh vazir Xalifa bin Salmon al-Xalifa 84 yoshida vafot etdi, deb xabar bermoqda “RBK” Al Jazeera’ga tayanib.
Xabarda aytilishicha, Bahrayn hukumati rahbari va qirolning amakisi bo‘lgan Xalifa bin Salmon al-Xalifa Amerika shifoxonasida vafot etgan. Uning o‘limi sababi keltirilmagan.
Bahrayn qiroli Hamad bin Iso al-Xalifa mamlakatda bir haftalik motam e’lon qildi. Qirollikning vazirlik va idoralari ishi 12-noyabrdan boshlab uch kunga to‘xtatiladi.
Вahrain News Agency’ning yozishicha, dafn marosimi marhumning jasadi o‘z vataniga olib kelinganidan keyin bo‘lib o‘tadi. Dafn marosimi ommaviy tarzda o‘tkazilishi rejalashtirilmagan, unda faqat ayrim qarindoshlar ishtirok etadi.
Bosh vazir mamlakat tarixidagi muhim bosqichda vafot etdi: Bahrayn oktabr oyida Isroil bilan rasmiy ravishda diplomatik aloqalar o‘rnatdi. 18-oktabrda Bahrayn poytaxti Manamada tegishli bitim imzolandi va tomonlar hamjihatlik to‘g‘risidagi memorandumlarni ham imzoladi. Ushbu bitimga AQSh hamkorligida erishilgan.