Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev o‘z Telegram kanalida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mashinalarni olish uchun avvaldan 85 foiz to‘lov qilish masalasini tanqid qildi.

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”
Hamma biladiki, UzAuto Motors dilerlari bilan avtomashina sotib olishda shartnoma qiymatining kamida 85 foizini oldindan to‘lash talablari ko‘rsatilgan.

Monopolistning iste’molchiga diktovkasi shu qadar kuchliki, hech kim nega 85 foiz oldindan to‘lov qilishim kerak o‘zi, deb so‘rab ham o‘tirmaydi.

Mashina puli to‘langach, minib ketilsa-ku, mayli, lekin puli to‘langach, oylab mashina chiqishini kutsang ham 85 foiz pul to‘lash qaysi aqlga sig‘adi?

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, shartnoma shartlari kuchga kirishi uchun 15 foiz oldindan to‘lov kifoya. Bu me’yorlar bundan 25 yil avvalgi farmonda belgilab qo‘yilgan.

Aytishingiz mumkin, farmonda oldindan to‘lovning eng kam miqdori 15 foiz etib ko‘rsatilgan. Demak, 50 foiz ham, 85 foiz ham, hatto 100 foiz ham mumkin deb. Ha, shunday, lekin qonunga ko‘ra bu tomonlarning o‘zaro kelishuviga ko‘ra belgilanadi.

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, tovar (ish, xizmat)lar uchun haq to‘lash shakli hamda tartibi iste’molchi bilan sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) o‘rtasidagi kelishuvga binoan belgilanadi. Tomonlar o‘rtasida shartnoma narsasi, miqdor, narx va boshqa muhim shartlar to‘g‘risida kelishuvga erishilsa, iste’molchi bilan ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) o‘rtasida shartnoma tuzilgan hisoblanadi.

Lekin siz UzAuto Motors bilan 15 foiz oldindan to‘lov shartlarida avtomashina sotib olish uchun shartnoma tuzishga urinib ko‘ring. Qonun bo‘yicha bunga haqli bo‘lsangiz ham aslo buning iloji yo‘q, chunki ular monopolist diktovkasi bilan tuzilgan shartnomaning bitta harfini ham o‘zgartirishmaydi. Nega? Chunki u monopolist.

Endi siz masalan, mebel sotuvchi bilan shartnoma tuzing, shartnomaning har bir bandini sotuvchi bilan muhokama qilib, o‘zaro kelishuv asosida belgilaysiz, bemalol 15 foiz oldindan to‘lov bilan mebel buyurtma qila olasiz. Chunki sizda mebel olishda tanlov bor.

Shunga shunchami, deysizmi? 85 foiz oldindan to‘lov bu UzAuto Motors uchun tekin kredit, siz uchun esa ortiqcha to‘lov aslida.

Masalan, o‘tgan haftada 2021-yil iyun oyida avtomashina chiqarish shartlarida Labo avtomashinasi sotib olish uchun shartnoma tuzishi mumkin edi (hozir salonlarda Labo’ga shartnoma qolmagan).

Ya’ni 85 foiz to‘lov qilgan xaridor Labo’ni 8 oy kutadi (yana +30 kun ham qo‘shilgan). 76 million so‘mlik Labo’ning 85 foizi 65 million so‘m bo‘ladi. Vaholanki, xaridor Labo olishga shartnoma tuzish uchun 65 million so‘m emas, 11 million to‘lashga to‘la haqli. Yo‘q, UzAuto Motors monopol shartlarini tiqishtirib, bunga aslo rozi bo‘lmaydi. Natijada xaridorning 54 million so‘m puli 8 oyga muzlaydi. Agar shu pulni xaridor eng past stavka yillik 14 foiz ustama bilan bank depozitida 8 oy saqlasa, kamida 5 million so‘m qo‘shimcha daromadga ega bo‘lgan bo‘lardi. Bu degani o‘sha 76 million so‘mlik Labo xaridorga 76 million so‘m emas, kamida 81 million so‘mga tushyapti.

Xaridordan oldindan 85 foizlik to‘lov olgan UzAuto Motors nima qiladi, avvalo o‘zining puliga emas, xaridorning puliga avtomashina ishlab chiqaradi, yana banklardagi depozitlarda bir necha oy saqlash evaziga daromad ham ko‘radi.

Darvoqe, Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi UzAuto Motors AJ avtomashinalari tannarxini hisoblaganida xaridorlardan 85 foizlik to‘lov hisobiga yig‘ilgan mablag‘larni monopolistning bank depozitlariga joylashtirishdan olingan milliardlab daromadlarni inobatga olganmikan?

Ma’lumot uchun: UzAuto Motors (GM O‘zbekiston AJ) 2011-yilga qadar ham 15 foiz oldindan to‘lov shartlarida shartnomalar tuzib kelgan.

Deputat sifatida Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasidan UzAuto Motors AJ dilerlaridan avtomashina sotib olishda 85 foizlik oldindan to‘lov majburiyati amaldagi qonunchiligimizga muvofiqligi masalasini ham alohida o‘rganib chiqishni so‘rab qolaman. UzAuto Motors AJ esa oldindan 85 foiz to‘lov evaziga shakllangan milliardlab bepul mablag‘lar hisobidan ega bo‘layotgan qo‘shimcha daromadlari qay yo‘nalishda sarflanayotganini ochiqlasa, yomon bo‘lmasdi.

Rasul Kusherbayev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

Eslatib o‘tamiz, deputat Rasul Kusherbayevning avvalgi tanqidlari ortidan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi 2020-yilning iyul oyida UzAuto Motors AJga nisbatan ish qo‘zg‘atgan. Qo‘mita kompaniya tomonidan “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunni buzish alomatlarini aniqlagan.

Qo‘mitaning 2020-yil 19-avgust kuni o‘tkazilgan yig‘ilishida maxsus komissiya tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar kompaniya avtomobil narxlarini asossiz oshirganini tasdiqlagan. Unga ko‘ra, avtomobillar narxi 3 million so‘mdan 19 million so‘mgacha asossiz oshirilgani aniqlangan. Qo‘mita narxlarning asossiz oshirilgan qismlarini bekor qilib, avtomobillarni kamaytirilgan narxlarda sotish bo‘yicha ko‘rsatma bergan. UzAuto Motors esa bunga “avtomobillar narxi asosli va hozir narxni pasaytirish imkonsiz” deya javob qaytargan.

Mazkur o‘rganish natijalari omma uchun e’lon qilingach UzAuto Motors Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi qoshidagi maxsus komissiya qabul qilgan qaror ustidan sudga shikoyat qilishini bildirgan. Keyinchalik kompaniya Toshkent shahar ma’muriy sudiga shikoyat qilgani ma’lum bo‘lgan.

Rasul Kusherbayev bunga o‘z munosabatini bildirib, “Ko‘ramiz, sud bu ishni qanchalik mustaqil ko‘rib chiqib, qonunlarga asosan qaror qabul qilarkan. Shuncha qiyinchilik bilan xalq roziligi uchun boshni kundaga qo‘yib qilinayotgan ishdan hafsala pir bo‘lmasin-da, ishqilib”, — deya yozgandi.

UzAuto Motors va Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi o‘rtasidagi sud jarayoni 2-oktabr kuni boshlangan, 9-oktabrda o‘tkazilgan sud majlisida UzAuto Motors tovarlar narxini shakllantirish maxfiy hujjatlarga asoslanganini bildirgan va sud 16-oktabrdagi majlisda ishni yopiq tartibda ko‘rishni boshlagan.

23-oktabrda bo‘lib o‘tgan sud majlisida UzAuto Motors chetdan olib kelingan butlovchi ehtiyot qismlarning narxi oshishi, xorijiy valyuta kursi oshishi tannarxlarni shakllantirishida ta’sir qilishini ta’kidlab, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bu holatni hisobga olmaganini bildirgan. Bunga javoban qo‘mita vakillari tekshirish davomida bir necha marotaba hujjatlar taqdim etish so‘ralganida kompaniya tomonidan tegishli hujjatlar o‘z vaqtida taqdim etilmaganligi, tekshirish muddati yakunlanishiga kam vaqt qolganligi sababli umumiy hisob-kitoblar tanlov asosida o‘rganib chiqilganligi ma’lum qilgan.

Toshkent shahar ma’muriy sudining 2020-yil 30-oktyabrdagi hal qiluv qaroriga asosan arizachi UzAuto Motors AJning javobgar Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga nisbatan maxsus komissiyasining 21/31-sonli ish bo‘yicha 2020-yil 19-avgustdagi qarorini haqiqiy emas deb topish haqidagi shikoyat arizasi qanoatlantirildi.

Sud jarayonlari orasida UzAuto Motors kompaniyasi turli bayonotlar qilib, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasini OAVga bosim o‘tkazayotganlikda aybladi. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi esa UzAuto Motors’ni davlat organiga nisbatan axloqiy me’yorlardan chiqmagan holda mulohaza yuritishga chaqirdi. Yakunda UzAuto Motors’ning mazkur ayblovi o‘z tasdig‘ini topmadi. Rasul Kusherbayev sudning mazkur qaroriga munosabat bildirib, “Yangi O‘zbekistondagi eski O‘zbekistonga ‘g‘alaba’ muborak”, — deb yozgan.

24-oktabrda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Rasul Kusherbayev, Doniyor G‘aniyev hamda Bekmirza Eshmurzayev Moliya vazirligi va Davlat bojxona qo‘mitasiga import mashinalar boj to‘loviga oid deputatlik so‘rovi yuborgan. Mazkur so‘rovga Davlat bojxona qo‘mitasi maxfiy javob qaytargan.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
“Turkiya yangi dunyo tartibining markazida bo‘lishi kerak” — Erdo‘g‘on
Mahalliy
Andijonda 41 kishi jarohatlangan avtohalokat qurbonlari soni 4 nafarga yetdi
Mahalliy
O‘zbekistonda pomidor narxi barqarorlashdi