AQSh ommaviy axborot vositalari, xususan, Associated Press, CNN, The New York Times, ABC News, Fox News va boshqalar 7-noyabr, shanba kuni Jo Baydenni AQShning saylangan prezidenti deb e’lon qildi. Prezident saylovi 3-noyabr kuni o‘tib bo‘lgan, biroq ovozlarni hisoblash jarayoni hamon davom etmoqda.

Jo Bayden.

Foto: The New York Times

OAV hisob-kitoblariga ko‘ra, prezidentlikka nomzodi Demokratik partiyadan ko‘rsatilgan sobiq vitse-prezident Jo Bayden Pensilvaniya shtatida g‘alaba qozongan va prezident saylovida g‘olib chiqish uchun tanlovchilarning kamida 270 ta ovozi kerak bo‘lgan holatda 273 ta ovoz egasiga aylangan. Ayni vaqtda, Fox News’ning yozishicha, Bayden jami 290 ta ovozni qo‘lga kiritgan.

AQShning amaldagi prezidenti Donald Tramp esa, OAV hisob-kitoblariga ko‘ra, hozircha tanlovchilarning 213 ta yoki 214 ta ovozini qo‘lga kiritgan. Trampning saylov shtabi vakillari ular saylov natijalari ustidan sudga shikoyat qilishini yana bir bor ma’lum qildi. Trampning bayonotida ta’kidlanishicha, Bayden “o‘zini yolg‘ondan g‘olibdek ko‘rsatib, shoshilmoqda” va “poyganing tugashiga hali ancha bor”.

Ayni vaqtda, media-magnat Rupert Myordokka tegishli va Tramp hokimiyat tepasida bo‘lgan o‘tgan vaqt davomida uni qo‘llab-quvvatlab kelgan OAVlar, aynan — Fox News, Wall Street Journal va New York Post ham o‘z ohangini o‘zgartirib, amaldagi prezidentni mag‘lubiyatni tan olishga, shu yo‘l bilan qilgan ishlari va millionlab tarafdorlarining hurmatini saqlab qolishga chaqirmoqda.

Tanlovchilar hay’ati prezidentni rasman 14-dekabr kuni saylaydi.

The New York Times’ning yozishicha, 77 yoshli Bayden 20-yanvar kuni AQShning 46-prezidenti sifatida qasamyod qiladi va ushbu lavozimni egallagan tarixdagi eng keksa shaxsga aylanadi.

CNN ma’lumotiga ko‘ra, Jo Bayden yaqin vaqt ichida millatga murojaat bilan chiqish qiladi. U allaqachon bayonot tarqatib, unga va saylangan vitse-prezident Kamala Xarrisga bildirilgan ishonch uchun Amerika xalqiga minnatdorlik bildirgan.

“Amerika, buyuk mamlakatimiz yetakchisi sifatida meni tanlanganingiz men uchun katta sharaf. Bizni oldinda murakkab ish kutib turibdi, biroq sizga shuni va’da qilaman: men — menga ovoz bergan-bermaganligingizdan qat’i nazar — barcha amerikaliklar uchun prezident bo‘laman”, — deb yozdi Jo Bayden Twitter’dagi sahifasida.

The New York Times’ning qo‘shimcha qilishicha, saylangan vitse-prezident Kamala Xarris ushbu lavozimdagi “birinchi ayol, birinchi qora tanli ayol, birinchi kelib chiqishi hind bo‘lgan amerikalik ayol va muhojirlar qizi bo‘lgan birinchi ayol” sifatida tarixga kiradi.