Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen qorako‘zanlar yetishtiradigan fermadagi koronavirus mutatsiyasi tufayli mamlakatning shimoli-sharqiy qismida yashovchi aholining ko‘chaga chiqishi cheklab qo‘yilishini e’lon qildi. Bu haqda Ekstra Bladet xabar bergan.
“Infeksiya tarqalishining oldini olish maqsadida Yutlandiyaning yettita hududida yashovchi aholiga o‘z yashash manzillarida qolish qat’iy tavsiya etiladi”, – degan bosh vazir.
Frederiksenning qo‘shimcha qilishicha, hukumat Yutlandiya aholisidan bu borada “tezkor tarzda nimadir qilishni” so‘ramoqda.
Mamlakatning ushbu hududida bar va restoranlar yopilgan, jamoat transporti harakati to‘xtagan, boshqa hududlarda yashovchi fuqarolarga Yutlandiyaga borish taqiqlangan.
Avvalroq Daniyada 12 nafar kishida COVID-19’ning mutatsiyalashgan shakli aniqlangani xabar qilingan. Kasallik qorako‘zanlar yetishtiriladigan fermada tarqalgan. Ushbu hodisa tufayli hukumat fermalardagi 15 millionta qorako‘zanni yo‘q qilish yuzasidan qaror chiqargan. Shuningdek, Daniya adliya vazirida koronavirus aniqlangani tufayli Vazirlar mahkamasi vakillari masofadan ishlash tartibiga o‘tgan.
Izoh (0)