Urganchda bankdan qariyb 23 ming dollar o‘g‘irlagan 30 yoshli shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda viloyat IIB Tergov bo‘limiga tayanib, “Kun.uz” xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 30-oktabr kuni soat 10:04 larda Urganch shahar Jizzax ko‘chasida joylashgan “Tinchlik bank xizmatlari” kichik bank binosiga kelgan shaxs bank xodimasi xizmat joyida yolg‘izligidan foydalanib, unga tan jarohati yetkazgan holda kassada mavjud bo‘lgan jami 21 088 AQSh dollari va 19 million so‘m pul mablag‘ini olib chiqib ketgan.
Bank xodimasi tomonidan kelib tushgan tashvish signaliga asosan zudlik bilan manzilga yetib kelgan Milliy gvardiya Qo‘riqlash xizmati hamda IIB mas’ul xodimlari holatni tezkorlik bilan holatni o‘rganib, o‘g‘rilik sodir qilgan shaxsni Urganch tumani Chakka sholikor qishlog‘idan ashyoviy dalillar bilan ushlab, voqea joyiga olib kelgan.
Dastlabki surishtiruv natijalariga ko‘ra, jinoyatga qo‘l urgan shaxs Xorazm viloyati Qo‘shko‘pir tumanida tug‘ilgan, hozirda Urganch tumanida istiqomat qiluvchi 30 yoshli fuqaro M.E. ekanligi aniqlangan va hozirda holat yuzasidan viloyat IIB Tergov bo‘limi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2019-yilda Tergov departamenti Navoiyda “Asaka bank” ish o‘rganuvchisi fuqaroning plastigidan 4,5 million so‘m o‘g‘irlaganini ma’lum qilgandi. Keyinroq “Asaka bank” gumonlanuvchining bankka aloqadorligini rad etib chiqqan.
Izoh (0)