Johnson & Johnson farmatsevtik kompaniyasi COVID-19’ga qarshi vaksina sinovlarining uchinchi bosqichi doirasida tadqiqotlar ishtirokchisining “noma’lum” kasalligi tufayli dori dozalarini kiritishni vaqtinchalik to‘xtatdi. Bu haqda “RBK” xabar bermoqda.

Foto: Reuters

Kasallikni aniqlash bilan Ma’lumotlarni va tadqiqotlar ishtirokchilari xavfsizligini monitoring qilish bo‘yicha mustaqil kengash, shuningdek, kompaniyaning tibbiy xodimlari shug‘ullanmoqda.

Johnson & Johnson kompaniyasidagilarning ta’kidlashicha, klinik tadqiqotlar o‘tkazishda salbiy holatlar yuzaga kelishi kutiladi, shu sababli bu holat uchun ko‘rsatmalar bor. Bu tadqiq qilinayotgan dorilar bilan bog‘liqligi taxmin etiluvchi birorta holat yuz bergan taqdirda tadqiqotlar to‘xtatilishi mumkinligini kafolatlaydi.

Kompaniya vaksina tadqiqotlarining uchinchi bosqichiga 23-sentabr kuni kirishgan edi. Dorini Johnson & Johnson tarkibiga kiruvchi Janssen kompaniyasi ishlab chiqarmoqda. Tadqiqotlarda uchta qit’adan 60 ming nafargacha ko‘ngillilar qatnashishi  ko‘zda tutilgandi. Kompaniya vaksinaning bitta dozasi COVID-19 kasalligining oldini olishda platseboga nisbatan qanchalik samaraga ega ekanligini tekshirmoqchi edi.

Sinovlar muvaffaqiyatli yakunlansa va dori ro‘yxatdan o‘tkazilsa, Johnson & Johnson yiliga 1 milliard vaksina dozasini chiqarishni rejalashtirmoqda.

Johnson & Johnson’dan tashqari, AQShda AstraZeneca, Moderna va Pfizer BioNTech bilan hamkorlikda o‘z vaksinalarini sinamoqda.

Eslatib o‘tamiz, ayni paytda koronavirusga qarshi faqat bitta vaksina — Rossiyadagi Gamaleya nomidagi markazning “Sputnik V” vaksinasi ro‘yxatdan o‘tgan. U avgust oyida klinik sinovlar tugashidan oldin ro‘yxatdan o‘tkazilgan.