1923-yilning 23-oktabrida Gamburgda nemis kommunistlari boshchiligida ishchilarning qurolli qo‘zg‘oloni boshlandi. Butun Germaniya kommunistik harakatining bir qismi sifatida ishlab chiqilgan ushbu harakat, aslida, mahalliy doiradan o‘ta olmadi – Germaniyaning boshqa sanoat markazlarida ishchilar uni qo‘llab-quvvatlamadi. Hukumatning qat’iy chora-tadbirlari natijasida Gamburg qo‘zg‘oloni 25-oktabrgacha to‘la bostirildi. “Daryo” ushbu qo‘zg‘olon tafsilotlari haqida hikoya qiladi.
Qo‘zg‘olon uchun qulay muhitning yetilishi
1923-yilga kelib, urushdan keyingi Germaniyada vaziyat og‘ir ahvolda edi. Mamlakat iqtisodiyotidagi halokatli holat giperinflyatsiyaga olib keldi va buning natijasida nemis markasining qimmati kundan kunga pastlay boshladi. Vaziyat shu qadar qiyin kechdiki, endi ishchilar va xizmatchilar bor pullarini keyingi oylik maoshigacha yetkaza olmay qoldi – pulning qadri nihoyatda pastlab ketdi. Aholi orasidagi eng nochor va qiynalgan qatlam nemis oddiy ishchilari bo‘lib qoldi, ular Germaniya iqtisodiy inqirozining barcha qiyinchiliklariga dosh berishi kerak edi.Bunday qiyin vaziyatda har doim odilona va o‘z vaqtida qaror chiqaradigan “davlatning sodiq xizmatkorlari” – nemis amaldorlari ham vaziyatni yumshatish yo‘lini topa olmadi. 1923-yil yanvarida fransuzlar va belgiyaliklar Germaniyani kompensatsiya to‘lovlarini to‘lashni kechiktirganlikda ayblab, Rur viloyatini egallab oldi. Rurning ishg‘ol qilinishi nemislarning ularni passiv qarshilik ko‘rsatishga chaqirgan Vilgelm Kuno hukumati atrofida to‘planishiga turtki bo‘ldi.
1923-yilning yozida o‘sha paytda jahon kommunistik harakatining mafkuraviy markazi bo‘lgan Moskvada Germaniyada sotsialistik inqilobni tashkil etish g‘oyasi o‘ylab chiqila boshlandi. Ushbu fikrni bolsheviklar rahbariyatida Germaniya masalalari bo‘yicha bosh mutaxassis hisoblangan Karl Radek bildirdi. Aytish joizki, Siyosiy byuroning barcha a’zolari ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlamadi – masalan, Iosif Stalin Germaniyada Sovet hokimiyatini o‘rnatish ehtimoli haqida tanqidiy fikrlar bildirdi. Shunga qaramay, 1923-yil sentabr oyida Komintern qo‘zg‘olonga kirishdi.
Qo‘zg‘olonning boshlanishi
Bu vaqtga kelib ruhiy tushkunlikka tushgan Kuno iste’fo berdi va uning o‘rniga Gustav Shtrezeman Germaniya kansleri bo‘ldi. Uning oldida qiyin vazifa – nemis yerlaridagi norozilik harakatlarini tinchlantirish vazifasi turgan edi.Qo‘zg‘olonga tayyorgarlikni boshlagan kommunistlar, birinchi navbatda, mintaqaviy saylovlarda alohida yutuqlarga erishgan Saksoniya va Turingiyaga ishondi. Germaniya Kommunistik partiyasining raisi Genrix Brandlerning o‘zi ham umumnemis kommunistik qo‘zg‘olonini amalga oshirish mumkinligi haqidagi g‘oyaga shubha bilan qaragan edi. 1923-yil 21-oktabrda Xemnitsda ishchi yig‘ini o‘tkazilishi rejalashtirilib, unda Germaniya qo‘zg‘olonga tayyor yoki tayyor emasligini aniqlashga qaror qilindi. Biroq bu vaqtga kelib Shtrezeman kommunistlarning Saksoniya va Turingiya hukumatlari tarkibidan chiqarilishini talab qildi va kommunistik partiya qurolli kuchlari faoliyatini taqiqladi. Ushbu voqealar ta’siri ostida Brandler qo‘zg‘olonga tayyorgarlik ko‘rishni to‘xtatishga qaror qildi.
Biroq ular bu haqda Gamburg kommunistlarini xabardor qilishga muvaffaq bo‘lmadi. 1923-yil 23-oktabrda aynan shu port shaharda Germaniya burjua hukumatiga qarshi ishchilarning ommaviy qo‘zg‘oloni boshlandi. Qo‘zg‘olon rahbarlaridan biri Ernst Telman bo‘lib, u voqealarning batafsil xronologiyasini yozib qoldirgan edi: “20-oktabrda Gamburgda ishsizlarning keng ko‘lamli namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Shaharning kattagina qismida oziq-ovqat do‘konlari vayron qilindi va politsiya bilan qonli to‘qnashuvlar sodir bo‘ldi. 23-oktabr, seshanba kuni ertalab soat beshlarda shahar chetidagi politsiya uchastkalari ishchilarning inqilobiy otryadlari tomonidan hujumga uchradi va qurolsizlantirildi”.
Qo‘zg‘olonning borishi
Nemis kommunistik partiyasining Gamburg bo‘limi 14 ming a’zodan iborat ekaniga qaramay, ulardan faqat 300 kishigina isyonda faol qatnashdi. 23-oktabr kuni soat 5:00 da ular 26 ta politsiya uchastkalariga bostirib kirib, ulardan 17 tasini qurolsizlantirdi.Shuningdek, Altona va Shtormarn shahar okruglari ham faollik ko‘rsatdi, qo‘zg‘olonchilar Shiffbek va Bramfelddagi politsiya uchastkalariga hujum qilib, ularni qurolsizlantirdi. Bad-Oldeslo, Arensburg va Ralshtedtdagi poyezd yo‘llari va ko‘chalarni to‘sib qo‘ydi. Bargtehayde shahrida isyonchilar mahalliy hukumat rahbarlarini hibsga oldi va u yerda “Bargtehayde Sovet respublikasi” tuzilganini e’lon qildi. Hududiy kompartiya tomonidan qo‘llab-quvvatlangan Shiffbekda “Yashasin Sovet Germaniyasi! Yashasin Sovet Ittifoqi davlatlari federatsiyasi! Yashasin dunyo inqilobi!”, degan ibora aks etgan aholini tinchlantirish va qo‘zg‘olonni qo‘llab-quvvatlashga undovchi plakatlar paydo bo‘ldi.
Ishchilar qarshilik ko‘rsatish harakatining markazi Gamburgning Barmbek shahridagi proletar mahallasi edi. Bir necha kun davomida 300 ishchidan iborat bo‘linma olti ming politsiyachining bosimini ushlab turdi. Yana bir qarshilik ko‘rsatish markazi Shiffbek kvartali edi. Hukumat qo‘zg‘olonni bostirish uchun qat’iy choralar ko‘rdi. 25-oktabrda Gamburg ishchilar otryadlari mag‘lubiyatga uchradi va qo‘lga olingan isyonchilar sud qilindi.
Gamburg qo‘zg‘olonining samarasiz yakunlanishining asosiy sababi nemis kommunistlari o‘rtasidagi o‘zaro bo‘linishlar edi: masalan, Ernst Telman va Rut Fisher qo‘zg‘olonni amalga oshirishning tarafdorlari bo‘lgan, kommunistik partiya yetakchisi Brandler esa bunga qarshi chiqqan edi. Natijada Gamburgda rejalashtirilgan butun Germaniya ommaviy qo‘zg‘oloni emas, u qadar katta bo‘lmagan mahalliy qurolli qo‘zg‘olon sodir bo‘ldi va u hukumatning qat’iy choralari natijasida bostirildi.
Oqibatlar
Qo‘zg‘olon natijasida 17 politsiya xodimi, 21 qo‘zg‘olonchi va 61 nafar begunoh odam o‘ldi. 69 politsiyachi, shuningdek, 175 isyonchi yaralandi. 1 400 kishi hibsga olindi, 443 kishi maxsus sudda sud qilindi. Qo‘zg‘olon ikki ishchi siyosiy partiyalar o‘rtasidagi munosabatlarning yomonlashuviga hissa qo‘shdi. Voqeadan so‘ng Germaniya sotsial-demokratik partiyasi (SDP) kommunistik partiya bilan ishlashdan bosh tortdi va hatto unga qarshi repressiyani kuchaytirdi. Mamlakatda antikommunistik siyosat shamoli esa boshladi.Dilbar Ismatullayeva tayyorladi.
Izoh (0)