Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

AQShda oktabr boshida orasida obro‘li tadqiqotchilar bo‘lgan olimlar guruhi koronavirusni tiyib turish siyosatidan voz kechib, jamoaviy immunitet hosil qilish siyosatini tanlashga da’vat etuvchi murojaatnomani e’lon qilgan edi. U Oq uy tomonidan ijobiy kutib olindi, ammo ko‘plab ekspertlar fikriga ko‘ra, bunday strategiya pandemiyani to‘xtata olmaydi. Bu haqda Meduza yozmoqda.

Foto: Getty Images

Foto: Getty Images

Hujjat o‘zi tuzilgan Massachusettsdagi shahar nomidan kelib chiqib, Greyt-Barrington deklaratsiyasi deb nom olgan va 4-oktabrda chop etilgan. Unga uch olim — Garvardning tibbiyot bo‘yicha professori Martin Kulldorf, Oksford professori Sunetra Gupta va Stenford professori Jay Bxattacharya mualliflik qilgan, hammualliflar orasida esa yana 42 nafar nufuzli olimlar bo‘lgan.

Deklaratsiya mualliflari koronavirusga qarshi kurashga o‘zlari “maqsadli himoya” deb nom bergan yondashuvni taklif qiladi. Ularning fikricha, hukumat xavf guruhidagi (keksa odamlar va surunkali kasalliklardan azob chekuvchilar)larni cheklashga e’tibor qaratishi, bu guruhga kirmaydiganlarga esa “zudlik bilan odatiy hayotga qaytishga imkon berishi” zarur. Cheklovlardan voz kechish bilan birga, deklaratsiya mualliflari yoppasiga testdan o‘tkazish va yakkalanishdan ham voz kechishni taklif qilmoqda. Bu holda ularning taxmin qilishicha, tez orada xavf guruhida bo‘lmagan odamlarning ko‘pchiligi kasal bo‘lib o‘tadi va jamoaviy immunitet hosil bo‘ladi.

5-oktabrdayoq deklaratsiyaning asosiy g‘oyalari Oq uy ma’muriyatining pandemiyaga qarshi kurash bo‘yicha mas’ul bo‘lgan a’zolari bilan yopiq uchrashuvda taqdim etilgan. Mansabdorlar bu g‘oyalarga ijobiy munosabatda bo‘lgan. Ammo o‘shandan buyon muayyan bir qarorlar qabul qilinmagan.

Greyt-Barrington deklaratsiyasi g‘oyalari ilmiy jamoatchilikning bir qismi tomonidan keskin tanqidga uchradi. 14-oktabr kuni olimlarning Jon Snou memorandumi deb nom olgan jamoaviy xati e’lon qilindi. Unda Greyt-Barrington deklaratsiyasi mualliflarining yondashuvi “ilmiy ma’lumotlarga asoslanmagan xavfli va yanglish fikr” deb ataldi. Xatda aytilishicha, kasallik yoshlarda ham asoratlar qoldirishi mumkin, bundan tashqari, COVID-19 bilan og‘rigandan keyin barqaror immunitet hosil bo‘lishi haqida hech qanday dalil-isbot yo‘q.

Jon Snou memorandumi mualliflari vaksina ishlab chiqarilishini kutish davrida virusga qarshi millat darajasida karantinlar kiritmasdan turib, niqoblar taqish va ijtimoiy muloqotlarni cheklash orqali kurashishga chaqirdi.

The New York Times qayd etishicha, Greyt-Barrington deklaratsiyasi mualliflarining o‘zlari ham g‘oyalarining amalda qanday qo‘llanilishi mumkinligini oxirigacha tushunmaganga o‘xshaydi. 42 hammuallifdan ikki nafari nashrga bergan izohida taklif etilgan reja doirasida qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan muayyan nazorat choralarini muhokama qilishga tayyor emasliklarini tan olgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti cheklovlarni bekor qilish evaziga jamoaviy immunitetga erishish g‘oyasini rad etgan edi. Tashkilot rahbari Tedros Gebreyesusning aytishicha, aholi orasida kasallikning tarqalishi immunitetga ega kishilar ulushi yetarli darajada ko‘p bo‘lgan taqdirda to‘xtashi haqidagi tushuncha virusning odamlar orasida erkin aylanib yurishiga emas, balki ommaviy emlashga asoslangan.

Jamoaviy immunitet ishlab chiqarilishi uchun aholining 60 foizi kasal bo‘lib o‘tishi kerak. Hatto hozir ko‘pchilik mamlakatlarda jamoaviy immunitet darajasiga yetishgacha ancha bor — o‘rtacha olganda kasallanganlar ulushi 10 foizdan kamroqni tashkil etadi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
Soliqlar, jarimalar, kommunal va boshqa to‘lovlarni qanday qilib uydan chiqmasdan to‘lash mumkin?
Mahalliy
BAA O‘zbekiston zargarlik sanoatiga investitsiya kiritishi kutilyapti
Dunyo
Zelenskiyning rafiqasi ukrainaliklar chiroqsiz va issiqliksiz yashashga roziligini ma’lum qildi