Kremniy vodiysi kompaniyalari xodimlarining aksariyati (68 foizi) ayni paytda koronavirus pandemiyasi boshlanmasidan avval ofisda ishlagandan ham ko‘proq charchayotgandek his qilayotganini aytdi. Bu haqda Blind servisi so‘rovnomasiga tayanib, Business Insider xabar berdi. Tadqiqotda Amazon, Microsoft, Google va Facebook kompaniyalarining 3 mingdan ortiq xodimi ishtirok etgan.
Fevral oyidagi so‘rovnoma bilan taqqoslaganda ish joyida kuchli toliqish his qilayotgani haqida xabar bergan ishtirokchilar ulushi 61 foizdan 68 foizgacha oshgan. Ularning aksariyati Facebook (81 foiz) va Google (79 foiz)da ishlaydi.
Xodimlarning qariyb 60 foizi pandemiya davridan avvalga qaraganda ko‘proq ishlayotganini bildirgan. Amazon xodimlarining 67 foizi, Microsoft’da 70 foiz, Google va Facebook’da esa xodimlarning teng yarmi shunday fikr bildirgan.
So‘rovnomada ishtirok etganlarning ta’kidlashicha, masofadan turib ishlagan paytda ularda ish va shaxsiy hayot o‘rtasida muvozanatni saqlashga qiynalish, videochatlardan charchash kabi muammolar paydo bo‘lgan. “Ilgari ish va oilaviy hayot o‘rtasida qandaydir chegara bor edi, endi esa u yo‘q. Uydan turib ishlamayman, ishimda yashayman”, — degan so‘rovnomada ishtirok etgan Google xodimlaridan biri.
Eslatib o‘tamiz, mart oyi boshlarida Google koronavirus tufayli o‘z xodimlariga uydan ishlashni tavsiya qilgandi. May oyida esa Google rahbariyati o‘z xodimlariga ular kamida 2020-yilning oktabrigacha yoki 2021-yilning boshiga qadar masofadan turib ishlashlari to‘g‘risida xat yuborgan. Facebook ham xuddi shu kabi qarorga kelgan. Kompaniyaning ma’lum qilishicha, xodimlar 2020-yil oxiriga qadar uyda qolishi mumkin.
Izoh (0)