Muzlatkich kattaligidek keladigan asteroid AQShda o‘tkaziladigan prezidentlik saylovlaridan bir kun oldin Yerga tushishi mumkin. Bu haqda amerikalik astrofizik Nil Degrass Tayson o‘zining Instagram’dagi sahifasi orqali ma’lum qildi.
“O‘lchami muzlatkichdek keladigan 2018VP1 asteroidi bizga soatiga 40,2 ming kilometr tezlikda yaqinlashmoqda. U Yerga 2-noyabr kuni, prezidentlik saylovlaridan bir kun oldin kelib tushishi mumkin”, — deb yozadi Tayson.
Olimning so‘zlariga ko‘ra, asteroid zarar yetkazadigan darajada katta emas. Taysonning qo‘shimcha qilishicha, “oxirzamon 2020-yilda boshlansa, bu koinotning aybi bilan sodir bo‘lmaydi”.
Nil Degrass Tayson — amerikalik astrofizik, fizika bo‘yicha falsafa fanlari doktori, yozuvchi, ilm-fanning ommalashishiga hissa qo‘shgan shaxs. U astronomiyaga oid qator mashhur kitoblar muallifi hisoblanadi. 1996-yildan hozirga qadar Tayson Manxettendagi Amerika tabiiy tarixi muzeyining Xayden planetariyasi direktori lavozimida ishlab kelmoqda.
Tayson Pluton Quyosh tizimining to‘qqizinchi sayyorasi ekanligini to‘g‘risidagi an’anaviy fikrlarga qarshi chiqqan. Ushbu pozitsiyani Tayson obyektlarni umumiy tavsifidan kelib chiqqan holda guruhlarga bo‘lib o‘rganishni ma’qul ko‘rishi bilan izohlagan: alohida yer sayyoralari guruhi, alohida gaz gigantlari, Pluton esa o‘ziga o‘xshash obyektlar bilan sayyorlar hisobidan chiqarilgan.
Shu sababli 2006-yilda Xalqaro astronomika ittifoqi ushbu baholashni tasdiqlab, ularning sinflanishiga o‘zgartirish kiritgan va hozirda Pluton “karlik sayyoralar” sirasiga kiradi.
AQShda o‘tkaziladigan prezidentlik saylovlari vaqtida asteroid Yerga maksimal darajada yaqinlashishi avgust oylarining oxirida ma’lum bo‘lgandi. 2018VP1 asteroidi ikki yil davomida Quyosh atrofini to‘liq aylanib chiqadi va Yer yaqinidagi asteroidlar guruhiga kiradi. Mazkur osmon jismi 2018-yilda Kaliforniyadagi Palomarsk observatoriyasi tomonidan aniqlangan.
Izoh (0)