Qirg‘izistonda parlament saylovlarini qaytadan o‘tkazish 20-dekabrga rejalashtirilmoqda, deb yozadi “Kommersant” respublika Markaziy saylov komissiyasiga tayanib. Respublikada prezident saylovlari 17-yanvar kuni o‘tkazilishi mumkin.

Foto: Yandex

“Takroriy parlament saylovlari ikki oy muddatda o‘tkaziladi, u MSK tomonidan belgilanishi sababli biz uni, taxminan, 20-dekabrga mo‘ljalladik… Muddatidan avvalgi prezident saylovlarini Jo‘qorg‘i Kenesh belgilaydi. Bu, taxminan, 17-yanvarda bo‘ladi”, — dedi MSK rahbari Nurjan Shayldabekova.

Eslatib o‘tamiz, Qirg‘iziston prezidenti vazifasini bajaruvchi bo‘lib turgan parlament spikeri Kanat Isayev prezidentlik lavozimidan iste’foga chiqqanini ma’lum qildi. So‘ronbay Jeenbekov 15-oktabr kuni ertalab Qirg‘iziston prezidentligi lavozimidan iste’foga chiqishini ma’lum qilgach, Kanat Isayev avtomatik ravishda Qirg‘iziston prezidenti vazifasini bajaruvchi lavozimini egallagandi. Endi davlat rahbari vazifasini bajaruvchi lavozimi amaldagi bosh vazir Sadir Japarov zimmasiga o‘tdi.

Qirg‘izistonda 5-oktabrdan buyon parlament saylovi natijalaridan norozilik sababli yuzaga kelgan siyosiy inqiroz davom etmoqda. Muxolifat partiyalari saylov natijalaridan norozi bo‘ldi, mamlakatda norozilik namoyishlari va tartibsizliklar boshlandi. Shundan so‘ng saylov natijalari bekor qilindi va hukumat iste’foga chiqdi.