Qirg‘iziston prezidenti vazifasini bajaruvchi bo‘lib turgan parlament spikeri Kanat Isayev prezidentlik lavozimidan iste’foga chiqqanini ma’lum qildi. Bu haqda Meduza xabar berdi.

Foto: “Today.kg”

So‘ronbay Jeenbekov 15-oktabr kuni ertalab Qirg‘iziston prezidentligi lavozimidan iste’foga chiqishini ma’lum qilgach, Kanat Isayev avtomatik ravishda Qirg‘iziston prezidenti vazifasini bajaruvchi lavozimini egallagandi.

Endi davlat rahbari vazifasini bajaruvchi lavozimi amaldagi bosh vazir Sadir Japarov zimmasiga o‘tdi.

Foto: Qirg‘iziston hukumati matbuot xizmati

Avvalroq Kanat Isayev davlat rahbari vazifasini vaqtincha bajaruvchi lavozimidan voz kechadimi yoki yo‘qligi haqidagi savolga javob berishdan qochgan. Biroq spikerning qayd etishicha, u bu lavozimni egallash uchun “ma’nan haqli emas, chunki oltinchi chaqiriqning vakolat muddati tugamoqda”.

Qirg‘izistonda 5-oktabrdan buyon parlament saylovi natijalaridan norozilik sababli yuzaga kelgan siyosiy inqiroz davom etmoqda. Muxolifat partiyalari saylov natijalaridan norozi bo‘ldi, mamlakatda norozilik namoyishlari va tartibsizliklar boshlandi. Shundan so‘ng saylov natijalari bekor qilindi va hukumat iste’foga chiqdi.

Sadir Japarov siyosiy inqiroz boshlangan vaqtda qamoqda edi. U tartibsizliklar tashkil qilganlikda ayblanib, 10 yillik qamoq jazosini o‘tayotgandi. Namoyishchilarning bosimi ostida 6-oktabr kuni Japarov qamoqdan chiqarildi va ertasi kuni parlament tomonidan bosh vazirlikka tasdiqlandi.

Eslatib o‘tamiz, Qirg‘iziston prezidenti So‘ronbay Jeenbekov 9-oktabr kuni mamlakatdagi vaziyatni huquqiy maydonga qaytarishni istashini va buning uchun barcha “zarur qarorlarni” imzolashga tayyor ekanligini aytgandi. “Joriy vaziyat yana qonuniy o‘zaniga qaytishi, barcha davlat tuzilmalari va hukumat qonuniy maqomga ega bo‘lishi va mamlakat to‘g‘ri yo‘lga tushib olishi bilan prezident lavozimidan ketishga tayyorman”, — degandi Jeenbekov.

Qirg‘iziston prezidenti 13-oktabr kuni parlamentning bosh vazir lavozimiga Sadir Japarovni tayinlash haqidagi qarorini noqonuniy deb topdi va uni mamlakat parlamentiga qaytarib yubordi. Bunga bosh vazirni tayinlash bo‘yicha majlisda deputatlarning yetarlicha soni ishtirok etmagani sabab sifatida ko‘rsatildi.

So‘ronbay Jeenbekov 14-oktabr kuni respublika parlamentining yangi spikeri Kanat Isayevga murojaat qilib, Sadir Japarov rahbarligidagi hukumat tarkibini yana tasdiqlashni taklif qildi. Shundan keyin Qirg‘iziston parlamenti yana bir bor Sadir Japarovni bosh vazirlikka tasdiqladi. Shu kuni So‘ronbay Jeenbekov mamlakatning yangi bosh vaziri Sadir Japarov bilan uchrashuvda hozirgi paytda iste’foga chiqishga haqqi yo‘qligini ma’lum qildi. Sadir Japarov esa prezidentga iste’foga chiqish talabini qo‘ydi.

So‘ronbay Jeenbekov 15-oktabr kuni mamlakat aholisiga murojaat qilib, iste’foga chiqishga qaror qilganini bildirdi.