Rossiya 2016-yilda Istanbulda sodir etilgan qotillikda ayblanayotgan O‘zbekiston fuqarosini Turkiyaga topshirdi. Bu haqda Rossiya Bosh prokuraturasi matbuot xizmatiga tayanib “Kun.uz” xabar berdi.

Foto: “Daryo”

Ma’lum qilinishicha, qotillik sodir etilgandan keyin o‘zbekistonlik shaxs izsiz g‘oyib bo‘lgan va qidiruvga berilgan.

“Rossiya hududida uning joylashgan joyi aniqlanganligi munosabati bilan Turkiya Bosh prokuraturasi ayblanuvchini ekstraditsiya qilish to‘g‘risida Rossiya Bosh prokuraturasiga so‘rov yubordi. So‘rov qondirildi”, – deyiladi Rossiya Bosh prokuraturasi ma’lumotida.

Qayd etilishicha, ushbu fuqaroni topshirish masalasi epidemiologik vaziyat tufayli murakkablashgan. Shunga qaramay ayblanuvchi Turkiyaga yetkazilgan.

“Turkiya kuchishlatar tuzilmalari xodimlari hamrohligida va barcha xavfsizlik choralariga rioya qilgan holda ayblanuvchi Turkiyaga yetkazildi”, – deyiladi mahkama xabarida.

Avvalroq Gruziyada xakerlik qilib, 3000 dollarga yaqin pulni o‘zlashtirgan O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.