Rossiyada COVID-19 bilan kasallangan bemorlarni davolash uchun qo‘llanilayotgan “Favipiravir” preparati yiqilishni keltirib chiqaruvchi nospetsifik muvozanat buzilishlariga olib kelishi mumkin.
Meduza’ning ma’lum qilishicha, ushbu nojo‘ya ta’sir Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligining tibbiyot kasb-hunar ta’limi akademiyasi negizida yaratilgan “FarmaCOVID” axborot markazi mutaxassislari tomonidan tayyorlangan (.pdf) ilmiy ishda aytib o‘tilgan. Tadqiqot 27-sentabrda e’lon qilingan bo‘lib, unga “Izvestiya” gazetasidagi maqoladan so‘ng e’tibor qaratilgan.
Tadqiqot mualliflarining ta’kidlashicha, muvozanat buzilishlari haqida favipiravir ta’sir ko‘rsatuvchi moddaga ega “Avigan” preparatiga qo‘llanmani qayta ko‘rib chiqqan Yaponiyaning dori vositalari bo‘yicha agentligining xulosalarida aytilgan. Agentlik xulosasida, nojo‘ya ta’sirlar qatorida, to‘satdan yugurish ham qayd etilgan.
Tadqiqot mualliflaridan biri, Norvegiyaning Oslomet universiteti sog‘liqni saqlash fakulteti dotsenti Yuriy Kiselev “Izvestiya”ga bergan intervyusida ushbu hodisalarning favipiravirni qabul qilish bilan sababiy bog‘liqligi hali tasdiqlanmaganligini aytgan.
“Yangi, yetarlicha hujjatlashtirilmagan yoki avval ro‘yxatdan o‘tmagan, masalan muvozanatning buzilishi yoki yiqilish kabi nojo‘ya ta’sirlar borasida hushyorlik lozim”, — deb hisoblamoqda ilmiy ish mualliflari.
“Roszdravnadzor” “Izvestiya”ga nospetsifik muvozanat buzilishlari, shu jumladan, yiqilish bilan bog‘liq reaksiyalar kelib chiqqani haqida xabarlar kelib tushmaganini bildirgan.
“Favipiravir” Yaponiyaning Fujifilm kompaniyasi preparati bo‘lib, u Rossiyada “Avigan” nomi bilan chiqariladi. Dastlab u grippdan davolovchi vosita sifatida ishlab chiqarilgan. 2020-yil iyulida yaponiyalik olimlari COVID-19 bilan yengil og‘rigan bemorlarda “Avigan”ni sinash borasida o‘tkazgan tadqiqotlarini yakunlagan va uning samaradorligini isbotlay olmagan.
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi esa 6-oktabr kuni COVID-19’ga chalingan bemorlarni davolashda “Favipiravir” dori vositalaridan foydalanilayotganligini ma’lum qilgan. Iyul oyi o‘rtalarida sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov O‘zbekistonga Yaponiyada ishlab chiqarilgan 200 ming qadoq “Avigan” (“Favipiravir”) dori vositasi keltirilganini bildirgandi.