Amerikalik olimlar Britaniyaning AstraZeneca farmatsevtika kompaniyasi va Oksford universiteti hamkorligida yaratilgan koronavirusga qarshi vaksina sinovlarida ishtirok etuvchilarda aniqlangan nojo‘ya ta’sirlari to‘g‘risidagi hisobotlarida tafovut borligini aniqladi. Bu haqda CNN’ga tayanib, “RBK” xabar berdi.

Foto: Getty Images

Sentabr oyida AstraZeneca vaksina xavfsizligini mustaqil ravishda baholash uchun o‘z preparati klinik sinovini ikkinchi marta to‘xtatgandi. Bu vaksina sinovida ishtirok etayotgan ko‘ngillilarning birida noodatiy simptomlar aniqlanganidan keyin yuz bergan.

CNN’ning yozishicha, AstraZeneca OAVga tadqiqot birinchi marta iyul oyida to‘xtaganida ishtirokchida parishonxotirlik bo‘lganini ma’lum qilgan. Biroq Oksford universiteti saytida “tushunarsiz nevrologik simptomlar” haqida aytilgan.

Sentabr oyida esa sinovlar yana to‘xtatib qo‘yilgan. Farmatsevtika kompaniyasi ikkinchi ko‘ngillida “tushunarsiz kasallik” bo‘lganini ochiq e’lon qilgan. ammo AstraZeneca’ning ichki hujjatlarida bu holat ko‘ndalang miyelit (kam uchraydigan nevrologik kasallik) deb qayd etilgan.

Yel tibbiyot maktabi doktori Xarlan Kramxoltsning aytishicha, Oksford universiteti va farmatsevtika kompaniyasi bayonotlari bir-biridan katta farq qiladi. “Ularning ma’lumotlari izchil bo‘lishi kerak, izchil bo‘lmasa, bu savollar tug‘diradi”, — degan Kramxolts.

Shifokorning hamkasblari bilan birga ta’kidlashicha, preparat xavfsizligini o‘rganishda nevrologik kasalliklar tabiati ahamiyatga ega. “Agar ko‘ngillilarning ikkisida o‘xshash holat bo‘lgan bo‘lsa, unda muammo vaksinada bo‘lishi mumkin. Agar holatlar har xil bo‘lgan bo‘lsa, u holda yuzaga kelgan simptomlar vaksina ta’siri natijasida emas, tasodif bo‘lishi mumkin”, — deyiladi xabarda.

Oregon sog‘liqni saqlash va fan universiteti immunologi Mark Slifkaning qayd etishicha, Oksford universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, sinovlarning ikkala ishtirokchisi ham asab kasalliklaridan aziyat chekkan va bu tabiiyki, savollar tug‘dirishi kerak.

Vaksina sinovi ishtirokchisidagi parishonxotirlik bilan bog‘liq iyul oyidagi holat mustaqil hay’at tomonidan tasodifiy va vaksinaga bilan bog‘liq bo‘lmagan deb topilgan. AstraZeneca’da sinovlarning sentabr oyidagi to‘xtatilishi ko‘ngillilarning birida ko‘ndalang miyelit alomatlari paydo bo‘lganidan keyin dori sifatini tekshirish bilan izohlagan. Ammo aniq tashxis aniqlanmagan.

Oradan bir necha kun o‘tib kompaniya Buyuk Britaniyadagi sinovlarni qayta boshlagan. Buyuk Britaniya dori-darmonlar va sog‘liqni saqlash mahsulotlari sifatini nazorat qilish boshqarmasi (MHRA) vaksinani xavfsiz deb topgan.

Eslatib o‘tamiz, ayni paytda koronavirusga qarshi faqat bitta vaksina — Rossiyadagi Gamaleya nomidagi markazning “Sputnik V” vaksinasi ro‘yxatdan o‘tgan. U avgust oyida klinik sinovlar tugashidan oldin ro‘yxatdan o‘tkazilgan.