2020-yil, 1-oktabr kuni 32 yoshli Robert Levandovski o‘zining kichik bo‘lmagan shaxsiy mukofotlar to‘plamiga yana bir (oldin qo‘lga kiritmagan) mukofotni qo‘shib qo‘ydi — u 2019/2020-yilgi Chempionlar Ligasining eng yaxshi futbolchisi deb topildi.

Robert Lionel Messi, Frank Riberi, Krishtianu Ronaldu, Luka Modrich va Virjil van Deyk kabi mashhur nomlar qatoriga o‘z ismini ham haqli ravishda yozdirib qo‘ydi. Demak, quyida Levandovski mazkur sovrinni qo‘lga kiritgani shunchaki tasodif emasligini isbotlovchi faktlar keltiriladi.

1. Levandovski o‘tgan mavsumda “Bavariya”ning bir yo‘la uch asosiy front – Germaniya chempionati, mamlakat Kubogi va albatta, Chempionlar Ligasida g‘olib bo‘lishida asosiy figura bo‘ldi.

Foto: UEFA

2. Robert 2019/2020-yilgi mavsumda tarixiy yutuqqa erishdi. U nafaqat jamoasi bilan trebl qayd etdi, balki har bir musobaqaning eng yaxshi to‘purariga aylangan dunyoning ilk futbolchisi bo‘ldi.

U Germaniya Bundesligasida 34, kubok bahslarida esa 6, Chempionlar Ligasida 15 ta gol urib, har bir musobaqaning goleadoriga aylandi.

3. Levandovski nihoyat 2019/2020-yilgi mavsumga kelibgina Ronaldu va Messi gegemonligiga chek qo‘ya oldi. Muxlislar buni uzoq kutdi, chunki inson zoti borki, bir xillikdan zerikadi. Ular Chempionlar Ligasida tom ma’noda yangi qirol paydo bo‘lishini naq 13 yil kutdi.

Shu tariqa Messi va Ronaldu 2006/2007-yilgi mavsumdan beri birinchi marta musobaqaning eng yaxshi to‘purari nomini qo‘lga kiritmadi. 2007/2008, 2012/2013, 2013/2014, 2015/2016, 2016/2017, 2017/2018-yilgi mavsumlarda Ronaldu “Manchester Yunayted”, “Real” va “Yuventus” safida Chempionlar Ligasi to‘purariga aylangan bo‘lsa, 2008/2009, 2009/2010, 2010/2011, 2011/2012, 2018/2019-yilgi o‘yinlarda Messi mazkur sovrinni o‘ziniki qilgandi. 2014/2015-yilgi mavsumda esa Messi va Ronaldu orasiga Neymar qo‘shilgandi, xolos. O‘sha yili uchalasining gollari teng bo‘lgandi.

4. 2019/2020-yilgi Chempionlar Ligasi Robert uchun bamisoli bir shirin tush kabi o‘tdi, ayniqsa, pley-off o‘yinlari. “Bavariya” musobaqa davomida 11 uchrashuv o‘tkazib, ularning barchasida g‘alabani qo‘lga kiritdi. Levandovski guruh bosqichidagi oltita o‘yinning har birida gol urdi ( umumiy hisobda 10 ta gol). Hal qiluvchi uchrashuvlarda ham Robert raqiblar darvozasini ishg‘ol etishdan to‘xtamadi, qo‘shimchasiga bunga golli uzatmalar ham qo‘shildi. 1/8, 1/4 va yarim finalda u 5 ta gol va 6 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Hujumchi faqatgina PSJga qarshi kechgan final o‘yinida (1:0) “jim turish”ga qaror qildi, ammo Kingsli Komanning yagona goli ham myunxenliklarga g‘alaba qozonish uchun kifoya qildi.

Foto: Twitter

5. Levandovski musobaqaning eng yaxshi futbolchilari terma jamoasiga kirdi. Bu esa uning yana bir bor eng zo‘ri ekanligiga ortiqcha isbot edi.

6. Robert nafaqat individual tomondan kuchli ijrochi sifatida, balki jamoaviy o‘yinchi sifatida ham o‘zining eng yaxshi fazilatlarini amalda namoyish etdi. Yuqorida zikr etilgan Chempionlar Ligasi pley-off bosqichida amalga oshirilgan oltita golli uzatma buning yaqqol isboti  bo‘la oladi. Leva 2019/2020-yilgi mavsumda barcha turnirlarda 55 ta gol urishdan tashqari, yana o‘n marta sheriklariga raqib darvozabonini ishg‘ol etish imkoniyatini yaratib berdi. Markaziy hujumchidan 10 ta assist (istalgan yarim himoyachi faqat hasad qilishi mumkin bo‘lgan natija) – shunchaki tariflashga til ojiz.

Uning jamoa uchun qanchalik ahamiyatli o‘yinchi ekanini esa “Bavariya” ustozi Xans-Diter Flikning quyidagi so‘zlaridan tushunish mumkin:

“U jamoa uchun astoydil ishlaydi. U bizning mudofaamiz uchun juda muhimdir, chunki u himoyachilarni qo‘llab-quvvatlaydi, raqib darvozasiga tahdid solishi haqida esa yaxshisi gapirmagan ma’qul. Bu qattiq ishlaydigan haqiqiy professional futbolchi. U dunyoning eng yaxshi markaziy hujumchisi”.

7. Levandovski Chempionlar Ligasining eng yaxshi futbolchisi unvonini olish uchun o‘tkazilgan so‘rovnomada qatnashgan deyarli barchaning e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Hakamlar hay’ati tarkibiga 2019/2020-yilgi Chempionlar Ligasi va Yevropa Ligasi guruh bosqichlarida o‘ynagan 80 ta klub murabbiylari, shuningdek, Yevropa sport nashrlari assotsiatsiyasi tomonidan tanlangan 55 nafar sport jurnalistlari kirgandi.

Foto: VOV

So‘rovnomada Robert 477 ochko to‘plab, birinchi o‘rinni egalladi, u bu yo‘lda “Manchester Siti” yarim himoyachisi Kevin de Bryuyne (90 ochko) va jamoadoshi Manuel Noyerni (66 ochko) ortda qoldirishga muvaffaq bo‘ldi.